Urushning 56-kuni. «Azovstal» qamali davom etmoqda, evakuatsiya bo‘yicha kelishuvga erishildi
«Donbass uchun katta jang» hali boshlanmadi, ammo ikki tomon ham unga faol ravishda tayyorlanmoqda, Mariupolda «Azovstal»ni qamal qilish davom etmoqda, shahardagi tinch aholining bir qismini evakuatsiya qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan, G‘arb davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish hajmini oshirmoqda.
Shtablardan ma’lumotlar
Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov ertalabki brifingda Xerson oblastida yuqori aniqlikdagi raketa zarbasi oqibatida 40 nafar ukrain harbiysi va yettita harbiy texnika yo‘q qilinganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya havo-kosmik kuchlari o‘tgan tunda Ukrainaning 73 ta obektiga, jumladan to‘rtta o‘q-dori omborxonasiga zarba yo‘llagan. Shuningdek, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi ukrainlarning oltita droni va ikkita «Tochka-U» raketasini urib tushirgani aytilgan.
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi chorshanba tongidagi hisobotida Donbassda rossiyaliklarning bir necha hujumlari qaytarilgani, doimiy ravishda artilleriya va havo zarbalari kelayotgani, turli hududlarda to‘qnashuvlar davom etayotgani ma’lum qilingan.
Xarkovni qamal qilish va o‘qqa tutish davom etmoqda; bu hududda rossiyaliklar qaytadan guruhlanib, zaxiralarni to‘ldirmoqda, Popasnaya va Marinkada janglar ketmoqda. Mariupoldagi «Azovstal» zavodini shturm qilish davom ettirilmoqda.
Donetsk va Lugansk oblastlarida so‘nggi bir kunda rossiyaliklarning jami to‘qqiz hujumi bartaraf etilib, 11 tank, 27 ta yengil zirhli texnika va bir artilleriya tizimi yo‘q qilingan. Ukrainlar bir samolyot, bir vertolyot, olti dron va bitta qanotli raketa urib tushirilganini ma’lum qilishgan.
Bu raqamlarning barchasi shov-shuv bilan e’lon qilingan «Donbass uchun jang»ning ko‘lamiga mos kelmaydi. Ko‘plab tahlilchilar fikricha esa, hali jiddiy janglar oldinda - rossiyaliklar hozircha ukrainlar mudofaasini tekshirmoqda va artilleriyani tayyorgarligini o‘tkazmoqda.
Britaniya razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, ukrain harbiylari RF armiyasining hujumga o‘tishga bo‘lgan ko‘plab urinishlarini yo‘qqa chiqarmoqda, Donbassning Ukraina nazoratidagi qismi va ayirmachilar nazoratidagi qismi o‘rtasidagi tutashuv chizig‘i Rossiya harbiylari tomonidan o‘qqa tutilishi kuchaymoqda.
Britaniyalik razvedkachilarning hisoblashicha, Rossiyaning harakatlariga urushning birinchi qismida bo‘lgani kabi «tabiiy, logistik va texnik murakkabliklar» to‘sqinlik qilmoqda.
«Azovstal» mudofaasi davom etmoqda
Mariupoldagi ukrainalik harbiylar «Azovstal» metallurgiya kombinatida mudofaani ushlab turishibdi, bu yerda ming nafar harbiy xizmatchilar va tinch aholi vakillari yashiringan. Rossiya armiyasi har kuni zavod hududini bombalamoqda va uni shturm qilib olishga urinmoqda.
Seshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi yana bir bor Mariupol himoyachilariga taslim bo‘lishni taklif qildi va qurollarni tashlaganlarga omonlik berilishini va’da qildi.
Chorshanbaga o‘tar kechasi Mariupol himoyasida kurashayotgan ukrain dengiz piyodalari brigadasi komandiri AQSh, Britaniya, Turkiya va Ukraina rahbarlarini uning jangchilari va «Azovstal» zavodi hududida qolayotgan tinch aholi vakillarini qutqarishni so‘rab murojaat qildi. «Bu bizning so‘nggi murojaatimiz bo‘lishi mumkin. Ehtimol bizning sanoqli kunlarimiz yoki soatlarimiz qolgan», degan mayor Sergey Volin feysbuk sahifasida joylangan videomurojaatida.
Volinning aytishicha, son jihatdan ko‘p bor ustunlik qilayotgan rossiyaliklar qurshovida u va jangchilaridan tashqari 500 nafar yarador va yuzlab tinch aholi vakillari qolmoqda. Dengiz piyodalari komandiri barchani uchinchi davlatga evakuatsiya qilishni tashkil etishga chaqirgan.
Bundan bir necha soat oldinroq Volin omon qolishning ikki variantini ko‘rayotganini aytgandi: Ukraina armiyasi qamal halqasini yorib kirishi (ofitser bu variantni «murakkab va tahlikali bo‘lsa-da, imkonli chora deb atagan) va yoki diplomatiya yo‘li bilan qurshovdagilarning barchasini olib chiqish.
Ikki kun muqaddam Mariupoldagi dengiz piyodalari komandiri Rim papasi Fransiskka murojaat qilib, yordam so‘ragandi.
Rossiya armiyasining harakatlari shaharni xarobaga aylantirgan: Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, artilleriya zarbalari va havodan bombardimonlar oqibatida binolarning 90 foizdan ortiq qismi vayron etilgan, tinch aholi vakillaridan 22 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Fevral oyi oxirida qamal qilingan shaharda 100 mingdan ortiq kishi qolgan, shahar meri o‘rinbosari Sergey Orlov BBC bilan suhbatda aholi bu vaqt davomida oziq-ovqatsiz, suv va tibbiy yordamsiz yashashga majbur bo‘layotganini aytgan.
Mariupoldan evakuatsiya bo‘yicha dastlabki kelishuv
Ukraina hukumati rossiyalik harbiylar qamalidagi Mariupoldan gumanitar yo‘lak ochish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. So‘nggi kunlarda Rossiya bilan kelishuv yo‘qligi tufayli ushbu shahar aholisini olib chiqishning imkoni bo‘lmayotgandi.
«Mariupoldagi halokatli gumanitar vaziyatni inobatga olgan holda, bugun o‘z sa’y-harakatlarimizni aynan shu yo‘nalishga qaratamiz. Biz ayollar, bolalar va qariyalar uchun gumanitar yo‘lak bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdik», dedi chorshanba kuni Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk.
Kolonna Mariupoldan Zaporojye tomon harakatlanadi.
Mariupolni tark etgan mer Vadim Boychenko hozircha gap dastlabki rejalar haqida ketayotganini aytib, uni hayotga tatbiq etish uddalanishiga umid bildirgan: «Koridor ochilishi uchun hali yana ishlash kerak, Zaporojyega ketishi mumkin bo‘lgan 90 avtobus va 6000 kishi haqidagi gap - bu dastlabki ma’lumotlar».
Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ham mahalliy aholini evakuatsiya qilishga chaqirmoqda. U telegram-kanalida oblastda tez orada dori-darmonlar tugashi mumkinligi haqida yozgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 aprel kuni Severodonetsk, Lisichansk, Rubejnoye, Gornoye va Popasnayadan odamlarni olib chiqish uchun «navbatdagi urinish» amalga oshiriladi.
Bu vaqtda BMTning qochqinlar masalasi bo‘yicha agentligi Ukrainani besh milliondan ortiq kishi tark etib bo‘lgani haqida xabar bergan.
Ukrainaga yangi qurollar
Norvegiya mudofaa vazirligi Ukrainaga «Mistral» rusumli 100 ta zenit raketa tizimlari yetkazib berilganini ma’lum qildi.
«Mistral» kichik, yaqin masofadagi janglar uchun mo‘ljallangan zenit raketasi bo‘lib, uchish masofasi yetti kilometrgacha yetadi. Uni qo‘lda ko‘tarib yurish mumkin bo‘lgan kompleksdan, shuningdek biror texnikaga, masalan, zirhli transport vositasi yoki vertolyotda o‘rnatilgan komplesdan uchirish mumkin.
Avvalroq Pentagon Ukraina shu kunlarda qiruvchi samolyotlar va o‘z aviatsiyasi uchun ehtiyot qismlar qabul qilib olgani haqida xabar bergandi, ammo aynan qancha va qanday rusumlardagi samolyotlar yetkazib berilganiga aniqlik kiritilmagan.
AQSh mudofaa vazirligi rasmiysi Jon Kirbining so‘nggi bayonotidan anglash mumkinki, NATOdagilar ukrain harbiy samolyotlari hajmini oshirishning shunday yo‘lini topishganki, protsedura (unda ishtirok etuvchi davlatlar) maxfiyligi ta’minlanadi. Seshanba kuni Kirbi navbatdagi brifingda Ukrainada endi «ikki hafta oldindagidan ko‘ra ko‘proq jangovar samolyotlar borligi»ni aytdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols seshanba kuni kechqurun mamlakat mudofaa sanoati pudratchilari Ukrainaga qurol yetkazib bershi hajmini oshirish masalasida yordam berishini ma’lum qildi.
«Biz nemis mudofaa sanoatidan bizga qanday qurilmalarni tez fursatda yetkazib bera olishlari bo‘yicha so‘radik. Ukraina bu ro‘yxatdan o‘ziga kerakli qurollarni tanlaydi va biz ularga to‘lov qilish uchun zarur mablag‘larni beramiz», degan Shols «Katta yettilik»dagi hamkasblari bilan videoaloqa orqali muzokaralardan keyin jurnalistlarga. U boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Yevropaliklar va shimoliy amerikaliklarning aksari Ukrainaga yordam berish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi
Yevropa va Shimoliy Amerika aholisining katta qismi o‘z mamlakatlari Ukrainaga yordam berishi tarafdori va sanksiyalar Rossiyaga ta’sir ko‘rsatishning to‘g‘ri yo‘li deb hisoblaydi - Ipsos sotsiologik kompaniyasi katta so‘rov yakunlariga ko‘ra shunday xulosaga kelgan.
Ipsos mart oyi oxirida - aprel oyi boshida Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, shuningdek, JAR va Avstraliyadagi 25 mamlakatda jami 19 ming kishi ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazgan. Quyida ayrim natijalar:
- O‘rtacha hisobda so‘ralganlarning 68 foizi, agar hozirda harakat qilinmasa, bu harakatsizlik Rossiyaning Ukrainadan boshqa mamlakatlarga ham harbiy harakatlarini rag‘batlantiradi, deb hisoblagan.
- Shu bilan birga, 72 foiz kishi - ularning mamlakati mojaroga harbiy aralashuviga qarshiligini bildirgan.
- Respondentlarning o‘rtacha 36 foizi - mamlakati Ukrainaga qurol yetkazib berishining, 33 foizi esa - Ukraina armiyasini mablag‘ bilan ta’minlashining tarafdori. Yevropa va Shimoliy Amerikada harbiy yordam ko‘rsatish tarafdorlari - ko‘pchilikni tashkil etadi.
- Shu bilan birga Ukrainaga mamlakat harbiylarini jo‘natishga rozi bo‘lganlar - o‘rtacha 17 foiz.
- So‘ralganlarning 74 foizi ularning mamlakati ukrainalik qochqinlarni qabul qilishi kerak deb hisoblaydi.
- 82 foizi Ukrainadagi urush butun dunyo uchun tahdid manbayi deb biladi, 61 foizi bu urush aynan ularning mamlakatiga tahdid solmoqda deb hisoblaydi. Ukrainadan ancha uzoqdagi Yaponiyada 87 foiz kishi shunday xavfni ko‘rmoqda, qo‘shni Polshada esa - 77 foiz.
- So‘rovda qatnashganlarning uchdan ikki qismi - Vengriyada 50 foizdan Janubiy Koreyada 78 foizgacha - Rossiyaga qarshi sanksiyalar urushni to‘xtatish uchun samarali vosita deb biladi.
- Shu bilan birga Rossiya nefti va gaziga embargo qo‘yilishini respondentlarning faqat 40 foizi ma’qullaydi. Britaniya, Polsha, Kanada, Shvetsiya, AQSh, Fransiyada bundaylar soni 50 foizdan ko‘p, Germaniyada - 45 foiz (30 foiz kishi embargoga qarshi), Vengriya va Turkiyada esa taqiq tarafdorlari atigi 20 foizni tashkil etgan.
Mavzuga oid
14:30 / 22.10.2024
WSJ: Qodirovning tarafdorlari Mariupoldagi zavoddan texnikani olib chiqyapti
08:40 / 08.10.2024
RF harbiy sudi ukrainalik Navalnayani 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi
08:10 / 06.04.2024
Germaniya firmalarni Mariupolga mahsulot yetkazib bermaslik to‘g‘risida ogohlantirdi
08:01 / 04.04.2024