O‘zbekiston rossiyaliklar boradigan mashhur davlatlar sirasiga kirmaydi. Ammo mamlakatda IT-kompaniyalari uchun joriy qilingan imtiyozlar, nisbatan arzon aviachiptalar sabab O‘zbekiston bu sohadagi mutaxassislar uchun yangi emigratsiya habiga aylandi. Mahalliy IT-park direktori o‘rinbosari Bahodir Ayupovning aytishicha, 2022 yil fevral oyi oxiridan buyon mamlakatga Rossiya va Belarusdan 5-6 ming atrofida odam kelgan.

Bu migrantlarning ko‘pchiligi uzoq qolishni istamaydi. O‘zbekiston ularni ushlab qolish uchun nimalar qilmoqda?

Moskvadagi «Skolkova» biznes-maktabini tamomlagan o‘zbekistonlik tadbirkor Hikmat Abdurahmonov mart oyi boshida Toshkentga qaytdi. Tadbirkor qaytishda samolyotda 50 nafar atrofida slavyan ko‘rinishidagi yo‘lovchilar borligiga e’tibor beradi. Axir odatda samolyot o‘zbekistonliklar bilan to‘la bo‘lardi-da.

Bu noodatiy holatga guvoh bo‘lgan Hikmat Abdurahmonov hayratini bo‘lishish uchun O‘zbekistonda IT-park tashkil etgan tanishi Farhod Ibragimovga qo‘ng‘iroq qilib, «Senga o‘xshagan odamlar kelishdi», deb hazillashadi mehmonlarning aksari IT-mutaxassisi ekaniga ishora qilib. Farhod Abdurahmonov esa bunday holat bir haftadan buyon hamma reyslarda takrorlanayotganini aytadi.

Abdurahmonovning aytishicha, IT-parklarga minglab rossiyalik dasturchilar kela boshlaydi va ularning soni shunchalik ko‘payib ketadiki, IT-parkda mehmonlarga uy-joy topish va yashash guvohnomasi olishga yordam beradigan dastur ishlab chiqildi. IT-parklar ko‘proq xorijlik dasturchilarni jalb etish uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan joriy qilingan yagona chora emas. 1 apreldan dasturlash sohasida ishlovchilar, bunday korxonalar tashkil qilganlar, axborot texnologiyalari sohasida ishlovchi muhojirlar va ularning oila a’zolari uchun 3 yillik viza berish tartibi joriy etildi.

14 aprel kuni esa prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni hududiy IT-markazga aylantirish, hududiy IT-parklarga kamida dunyo darajasidagi 30 ta IT-kompaniyalarni jalb qilish kerakligini aytdi. Forbes O‘zbekiston nega rossiyalik IT-mutaxassislari uchun mashhur yo‘nalishga aylangani, nega ular mamlakatda ko‘p ushlanib qolmoqchi emasligi va hukumat ularni ushlab qolish uchun nimalar qilayotganini tahlil qildi.

Majburiy ko‘chib kelish

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, EPAM nomli IT-kompaniya Rossiya va Belarusdan minglab ishchilarini O‘zbekistonga olib o‘tishga majbur bo‘ldi. IT sohasidagi boshqa korxonalar kabi EPAM ham 2019 yilda tashkil etilgan mahalliy IT-parklarga yordam so‘rab murojaat qiladi. Bu korxonalar Rossiya yoki Belarusda faoliyatini davom ettiradigan bo‘lsa, g‘arblik mijozlaridan ayrilishdan qo‘rqqani uchun O‘zbekistonga kelgan.