14:23 / 29.04.2022
13767

Farzandi uchun yig‘lagan ota: “Telefonim jiringlasa, bolamga bir narsa bo‘ldimi, deb yuragim zirillaydi”

Uning domiga ilinganlarning yagona tilagi – tuzalish, azoblardan forig‘ bo‘lish. Bu dahshatli chohning nomi – oqqon deb ataladi. Uning changalida 2 yashar go‘dak ham, institut talabasi ham birday hasrat chekadi. Bugungi qahramonlarimiz jigarlarini shu xastalik changalidan qutqarish umidida har eshikka o‘zini urayotganlardir.

Telefonim jiringlasa yuragim orqaga tortib ketadi: bolamga biror narsa bo‘ldimi deb...

7 yoshli Asal qariyb bir yildan beri og‘ir dard bilan olishadi. Gapirishga ham madori yetmayotgan bolaning ko‘zlarida umid bor. Otasi Ro‘ziboy Quryozovning aytishicha, ilgari xorijga borib ishlab kelib ro‘zg‘or tebratgan. Ammo endi kasal farzandini tashlab u yerlarga ketolmaydi.

“Cho‘ntagimda telefon jiringlasa yuragim orqaga tortadi: bolamga biror narsa bo‘ldimi, deb qo‘rqib ketaman. Ayolim telefon qilsa gaplashishga yuragim betlamaydi”, – deydi u. Qizining muolajalari sabab oila poytaxtda ijarada yashashga majbur, qishloqda dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan ota hozir kunlik ishlarda ishlaydi.

Asalxon Bekchonovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 1443 0153 onasi Sohiba Allaberganova nomida

Manzil: Xorazm viloyati, Yangiariq tumani, Gulhayot ko‘chasi 41-uy. Ayni paytda poytaxtdagi gematologiya shifoxonasida davolanishmoqda.

Bolam tirik yursa bo‘ldi

Farg‘onalik Oygul turmushga chiqqach, 3 yilgacha farzand ko‘rmagan. Qizi Kumushxonning dunyoga kelishi ota-onasiga qanchalik quvonch bag‘ishlagan bo‘lsa, mudhish kasallikning u bilan bog‘lanishi shunchalik qayg‘uga soldi.

“Shundan beri na menda, na turmush o‘rtog‘imda halovat bor. Har tong qizimni uyqudan uyg‘otishga yuragim dov bermaydi. Ukollardan zada bo‘lgan bola badaniga boshqa nina sanchilmasligini so‘rab yalinadi.

Hamma qiyinchilikka chidayman, faqat bolam yashasin. Ko‘z oldimda tirik yursa bo‘ldi”, deydi ko‘zida shashqator yosh bilan gapirayotgan ona.

Kumushxon Husanboyevaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 5088 7993 otasi Erali Ziyayev nomida

Humo: 4073 4200 8737 6632 buvisi Iroda Xalilova nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumani, Do‘stlik qishlog‘i. Ayni paytda poytaxtdagi gematologiya shifoxonasida davolanishmoqda.

Jonlantirish bo‘limida yotgan talaba qiz

Samarqand davlat chet tillar universitetining 2-kurs talabasi bo‘lgan Sevara Ortiqboyevaning orzulari bir olam edi. Lekin ayni paytda uning faqat birgina orzusi bor – sog‘ayish. Hozirda jonlantirish bo‘limida davolanayotgan qizga yopishgan oqqon osonlikcha ketmayapti. Akasi Faxriddin Ortiqboyev kasalxonada yotgan singlisining dardini undan kam tortmayapti. Chunki oila a’zolari Samarqandda, otasi qiziga qo‘yilgan tashxisni eshitgan chog‘dayoq bunga dosh berolmasdan yotib qolgan. Ham aka, ham ota-ona bo‘lib singlisining ahvolidan qayg‘urayotgan akaga dalda kerak.

Sevara Ortiqboyevaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 0357 6943 onasi Turg‘unoy Ortiqboyeva nomida

Manzil: Jizzax viloyati, Baxmal tumani, “Gulbuloq” MFY, 77-uy. Ayni paytda poytaxtdagi gematologiya shifoxonasida davolanishmoqda. 

Bir umr shu hadik bilan yashashga majburman

“Dushmanim ham bunday dardga duch bo‘lmasin. Bu kasalning qaytalashi ham oson ekan. Shuning uchun chaqalog‘imdan ham ko‘ra shu bolam bilan ko‘proq birgaman.

Bir umr shu kasallikni o‘ylab yashashga majbur bo‘larkan odam”, – deya hasratini bayon qiladi bemorning onasi.

Umidaning birgina tilagi qizining sog‘ayib, yana o‘ynab-kulib yurishi. Farzandi xastalangan ota-ona uchun dunyoda undan boshqa muhim narsa qolmasligini aytadi ayol.

Dilnura Pardaboyevaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0204 7358 8692 otasi Olim Odilov

Manzil: Jizzax viloyati, Jizzax tumani, Sovungarlik mahallasi, Sherdor ko‘chasi, 6-uy. Ayni paytda poytaxtdagi gematologiya shifoxonasida davolanishmoqda.

Otam ham, bolam ham bemor, suyanchig‘im yo‘q

Dilxumor oilasidagi kelishmovchiliklar sababli hozir ikki farzandi bilan ota uyida yashayapti. Lekin uning bundan ham katta tashvishi bor – 5 yoshli qizi mash’um xastalik bilan kurashadi.

“Ko‘chada bolalar o‘ynasa havas bilan qarab turadi, lekin borib qo‘shilib o‘ynay olmaydi. Badani salga ko‘karib ketadi. Hindistonda davosi bor deyishdi, lekin juda katta mablag‘ kerak ekan. O‘zim oilam notinch bo‘lib ota-onamnikiga kelib yashayapman. Otam ham insultga chalinib, bir joyda bo‘lib qolgan, kimga suyanishni bilmayman”, – deya yig‘laydi ona.

Afro‘za Habibullayevaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 3141 5627 2868 onasi Dilxumor Mo‘minova nomida

Viza: 5497 1900 2003 1652 onasi Dilxumor Mo‘minova nomida

Manzil: Farg‘ona shahar, Ipak Yo‘li mahalla, Shabboda ko‘chasi, 177-uy

Azizlar, Ramazon ham oxirlab bormoqda. Zakotga munosib insonlar qarshingizda. Ko‘pning yordami ularni tashvishdan forig‘ qilishi, duosi esa dardini aritishi mumkin.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top