08:29 / 03.05.2022
12292

Yevroittifoq 10 may kuni Rossiyaga qarshi oltinchi sanksiyalar paketini qabul qilishi mumkin

Yevropa ittifoqi tashqi ishlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida Yevropa ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi bosqichini ma’qullashi mumkin. Bu haqda blok bosh diplomati Josep Borrel ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti / Mixail Golenkov

BBC’ning yozishicha, yangi paket Rossiyaning energiya tashuvchilar eksportini cheklab qo‘yishi, jumladan, Rossiya neftini sotib olishga embargo qo‘yishi mumkin, bu esa Moskvani asosiy daromad oqimidan mahrum qiladi.
 
Biroq, paketni qabul qilish uchun uni Yevropa ittifoqi mamlakatlari ma’qullashi kerak. Ular hali ham bu masalada ikkiga bo‘lingan, deb tan oldi Borrel.
 
«Ammo men ishonamanki, hech bo‘lmaganda neft importi bo‘yicha bu kelishuvga kengashning navbatdagi yig‘ilishigacha erishish mumkin», - deya qo‘shimcha qildi u.
 
Kengashning navbatdagi majlislari 10 va 16 may kunlariga belgilangan.

Shu bilan birga, Yevropa komissiyasi Vengriya va Slovakiyani Rossiya neftiga qaramligini inobatga olgan holda, neft sotib olishga qo‘yilgan embargodan ozod qilishi mumkin, deb yozadi Guardian gazetasi komissiyaning ikki vakili bayonotlariga tayanib.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Vengriya o‘tgan yili neft va neft mahsulotlari importining 58 foizini Rossiyadan olgan. Mamlakat Rossiya neftiga qattiq qaram va energiya bilan bog‘liq sanksiyalarga qo‘shilmasligini bir necha bor ma’lum qilgan. 

Slovakiya esa ta’minotning 96 foizini Rossiyadan olgan. 

27 davlatdan iborat blokning birdamligini saqlab qolish uchun komissiya Slovakiya va Vengriyaga embargo kiritmaslik yoki uzoq o‘tish davridan foydalanish huquqini taklif qilishi mumkin, dedi «Reyter» agentligi manbasi. 
 
Komissiya rasmiylarining aytishicha, neft embargosi bosqichma-bosqich kiritiladi va kelgusi yilning boshida kuchga kirishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top