Jamiyat | 15:26 / 04.05.2022
17284
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda onam va bolalarim meni kutishyapti”: o‘zga yurtda qolayotgan zahmatkash yigit o‘tinchi

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiladigan oila boshlig‘i Shavkatbek Mamajonov bundan ikki yil avval jigari bilan bog‘liq muammolar sabab to‘shakka mixlanadi. Unga qo‘yilgan tashxis – jigar sirrozidan kun sayin ahvoli og‘irlashib boraveradi.

Oila a’zolari so‘nggi va yagona chora bo‘lgan jigar ko‘chirish operatsiyasi uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlashadi. Turmush o‘rtog‘ining hayotini saqlab qolish, farzandlarini otasiz qoldirmaslik umidida rafiqasi unga o‘z jigarini berishga rozi bo‘ladi. Murakkab va xorijda o‘tkazilgani sababli katta mablag‘ evaziga o‘tkaziladigan bu operatsiya uchun hamma topgan-tutganlari-yu, yaqinlar ko‘magi bilan er-xotin Hindistonga jo‘nab ketishadi.

Hozir operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilgan, ayolning jigaridan bir parchasi turmush o‘rtog‘iga ko‘chirib o‘tkazilgan. Har ikkala bemor ham sog‘ayish umidida davo muolajalarini olishmoqda. Ammo xorijdagi klinikada olinayotgan muolajalar va uyga qaytish uchun ularda umuman mablag‘ qolmagan. Vatanda esa ularni qorako‘z farzandlari va bolasini omon ko‘rish istagida yashayotgan ona kutmoqda.

“Og‘ir dard tufayli ko‘p azoblarni boshdan o‘tkazdim. Hozir musofir yurtda kasalxonadamiz. Bu yerdan chiqib, eson-omon vatanimizga yetib borishimiz uchun yaxshi insonlarning yordamiga muhtojmiz. O‘zbekistonda qolgan onamiz, uch nafar farzandimiz uchun salomat qaytish nasib qilishini so‘rayapmiz”, – deydi bemor Shavkatbek Mamajonov.

Shavkatbek sog‘-salomat yurgan paytida mehnatdan, zahmatdan qochmagan. Tuman obodonlashtirish bo‘limida o‘z yurtining ozodaligiga hissasini qo‘shib kelgan. Umid qilamizki, turmush o‘rtog‘i uchun o‘z hayotini xavfga qo‘yib jigarini bergan bir ayol, o‘zga yurtda yarimjon holatda qolayotgan bir bemor taqdiri uchun befarq bo‘lmaysiz.

Shavkatbek Mamajonovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0301 7671 7400 Shavkatbek Mamajonov nomida

Sberbank: 5228 6005 4035 1675 qarindoshi Alisher Idrisov nomida

Mavzuga oid