So‘nggi oylarda bu so‘zlar Ukrainadagi urush tufayli yana keng iste’molga qaytdi. Rossiya hukumati 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirishdan avval bu mamlakatni hokimiyat tepasiga kelgan «natsistlardan tozalash va qurolsizlantirish» (denatsifikatsiya va demilitarizatsiya)ni maqsad qilganini bayon etgan edi.

Ukraina ultrao‘ng natsionalistlari. liveinternet.ru

Ukrainlar ham rus qo‘shinlari tuproqlariga bostirib kirgach, ularni «fashistlar», deb atay boshlashdi. Ruslar ham ularni shunday ayblashmoqda. Xullas, go‘yoki har ikki tomonda «fashistlar» ham, «natsistlar» ham bordek. Ko‘pchilik bu so‘zlarning mohiyatiga e’tibor bermasdan bot-bot ishlatmoqda.

Taniqli rus blogeri Ilya Varlamov fashizm va natsizm iboralarining farqiga aniqlik kirituvchi video tayyorladi. Bu qo‘rqinchli so‘zlarning farqini bilish ko‘pchilik uchun foydali bo‘lishini anglagan holda, uni e’tiboringizga tarjima qilib taqdim etamiz.

Fashizm nima?

Bu so‘zning ma’nosini bilish uchun Vikipediyaga murojaat qilamiz.

«Fashizm — avtoritar militaristik ultranatsionalizm doirasidagi mafkura va jamoatchilik siyosiy harakati va shunga monand tarzda jamiyat va iqtisodiyotning qattiq tartibda boshqarish shakli» — Vikipediya.

Bu ta’rifdan biror narsani anglab olish qiyin. Umuman olganda, «fashizm» so‘zi italyancha «fascio» (fashio) — «ittifoq» so‘zidan kelib chiqqan. U esa qadimiy lotincha «fasci» — «bog‘lam» so‘ziga borib taqaladi. Qadimgi Rimda bog‘lam hokimiyat ramzi sanalgan. U jips qilib bog‘langan novdalar shaklida bo‘lgan. O‘z-o‘zidan, «fashizm» qandaydir birlik va jamoaviylik bilan bog‘liqligi yuzaga chiqadi.

Fashizmning asosiy g‘oyaviy rahnamosi — fashistlar Italiyasini 1922 yildan 1943 yilgacha boshqargan Benito Mussolini bo‘lgan. U «XIX asr individualistlar asri bo‘lgan, XX asr esa kollektiv va davlat asri bo‘ladi», degan edi. Kelib chiqadiki, fashizmda davlat individdan ustun bo‘ladi, kollektiv esa shaxsdan muhimroq. Aynan hayotning ko‘plab jabhalarida davlatning tartibga soluvchi roli fashizmning bosh farqli jihati, deyishadi: o‘sha qadimgi Rim novdalaridek hamma bir xilda, bir-biriga o‘xshash bo‘lmog‘i kerak.