AQSh Kongressi Ukraina uchun lend-liz dasturini qabul qildi, unga ko‘ra, Kiyev yaqin oylarda 20 milliard dollarlik harbiy texnikalarni qabul qilib olishi mumkin. Nazariy jihatdan bunday texnikalarni qabul qilib, o‘zlashtirib va bu orqali jangovar tuzilma shakllantirgan holda Ukraina nafaqat muvaffaqiyatli qarshilikka, balki Rossiyani mag‘lub etishga ham umid qilishi mumkin. Ammo hozircha Rossiya armiyasi hujum qilish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega: ular o‘t ochish kuchi borasida yaqqol ustunlik qiladi. Ammo vaqt (ayniqsa lend-liz tufayli) Rossiya qo‘mondonligi zarariga o‘ynayotgan bo‘lsa-da, rossiyaliklarning yurishi haddan tashqari sekin kechmoqda.

Donbassda so‘nggi kunlarda nimalar bo‘ldi?

Qisqacha javob

Janglar sezilarli ilgarilashlarsiz bir-birining obektlarini artilleriya zarbalari bilan yo‘q qilish yo‘sinida kechmoqda. Rossiya armiyasi razvedka va nishonni belgilash vositalari bo‘yicha (ayniqsa uchuvchisiz tizimlarda) ustunlikka ega emasligi va Ukraina artilleriyasini yakson etolmasligi ko‘rinib qolmoqda. O‘z navbatida ukrainlar armiyasi hozircha o‘q otish vositalari yetarli emasligi tufayli rossiyaliklar artilleriyasini yakson etolmaydi. Ammo ikki armiya ham razvedka uchun dronlarni ishga solgan holda raqib pozitsiyalari va ilgarilayotgan qismlariga artilleriya orqali aniq zarbalar yo‘llashi mumkin.

Batafsil

Mart oyi oxirida rossiyaliklar Kiyev atrofidan chekingach, qo‘mondonlik razvedka va nishonni belgilash bilan bog‘liq muammolarni qisman hal qila oldi: Donbassda rossiyalik harbiylar artilleriya va aviatsiyadan keng foydalanishga asoslangan tartibli hujumlar olib borishmoqda.

Izyumdan janubda Shimoliy Don daryosi bo‘yidagi platsdarmga yangi qo‘shimcha kuchlar, xususan avval Kiyevdan g‘arbdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan desant qismlari va poytaxtdan sharqda jang qilgan tank bo‘linmalari tashlangan. Ushbu yirik guruh ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan (martda Kiyev ostonasida bu borada jiddiy kamchiliklar kuzatilgandi).

Kiyev atrofidagi janglardan farqli o‘laroq, rossiyaliklar qo‘mondonligi flanglarga katta e’tibor qaratmoqda: platsdarmdan Slavyansk va Barvenkovoga hujum qilish barobarida Shimoliy Donning ikkinchi sohilida Liman va Yampol yo‘nalishida kuchli zarba berildi. Bu yerda ukrainlar mudofaasi yorib o‘tilib, rossiyalik harbiylar amalda Slavyanskdan sharqda Shimoliy Don bo‘yiga chiqishdi. Boshqa tomondan, G‘arbdagi flangda rossiyalik harbiylar Barvenkovo yo‘nalishida ilgarilamoqda. Butun hujumning ehtimoliy maqsadi — Slavyansk va Kramatorskka (bu hududda ukrainlarning Donbassdagi yirik guruhi shtabi joylashgan) uch tomondan - g‘arb, shimol va sharqdan chiqib, janubga hujumni davom ettirish uchun bu guruhni Ukrainaning qolgan qismidan uzib qo‘yish.