Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyevga Zelenskiy bilan uchrashuvga borgan rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich bo‘lib chiqdi
Manbalar uni ukrainlar toqat qilishi mumkin bo‘lgan yagona rossiyalik deb atashgan.
2026 yil mayida Kiyevga borgan va Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich edi. Bu haqda Financial Times nashri vaziyatdan xabardor bo‘lgan manbalarga tayanib xabar tarqatdi. Ukraina prezidenti aynan undan Vladimir Putinga o‘zaro uchrashuv bo‘yicha taklifni yetkazishni so‘ragan.
Abramovich katta urush boshida ham Kiyev va Moskva o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgandi. FT nashri 2022 yilda uni Putinning «ishonchli vakili» deb atagan, Zelenskiy esa AQShdan unga qarshi qo‘llanishi rejalashtirilgan sanksiyalarni keyinroqqa surishni so‘ragandi. Financial Times nashrining tadbirkorga yaqin bo‘lgan suhbatdoshlariga ko‘ra, hozirda roli yaqqol sezilmayotgan bo‘lsa-da, u hamon muzokaralarda ishtirok etmoqda.
«U shuning uchun kerakki, u ular toqat qila oladigan yagona rossiyalikdir. U hamma bilan til topisha oladi», – degan FT suhbatdoshlaridan biri. Abramovichning fikricha, Zelenskiy «yetakchilar bilan uchrashuvda o‘z shaxsiy xarizmasi sehri orqali barchasini hal qila olaman» deb o‘ylaydi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Romanovich Ukraina prezidentining harakatlarini KVNdagi «kapitanlar konkursi» bilan taqqoslaydi – Zelenskiy shou-biznes va siyosatga kirib kelishidan oldin KVN yulduzi edi. «Putin bunga mutlaqo qiziqmaydi. Bu Tramp uchun ham ish bermaydi. Ammo Zelenskiy bor e’tiborini shunga qaratgan», – deya qo‘shimcha qiladi manba.
Ukrainalik ikki yuqori martabali mulozimning aytishicha, Zelenskiyning o‘zaro uchrashuv haqida Abramovich orqali may oyida yuborgan taklifi uning 4 iyun kuni e’lon qilingan ochiq xati bilan o‘xshash bo‘lgan. Ammo may oyidagi taklif ohangi «bu kabi dushmanona ruhda emasdi», deyishadi ular.
Ukraina prezidenti ofisidagilar bu borada izoh berishdan bosh tortishgan. Kreml va Abramovichning vakillari esa FT nashri so‘rovini javobsiz qoldirishgan.
Rossiyalik tadbirkorlardan biri Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga borgani haqida 5 iyun kuni Putin Peterburg xalqaro forumi yalpi sessiyasidagi chiqishida aytib o‘tgandi. U tadbirkorning nomini ochiqlamagandi. Rossiya prezidenti uch hafta muqaddam o‘sha tadbirkor Kiyevga kelish bo‘yicha taklif olganidan xabardor qilgani, shundan keyin Kiyevga borib, Zelenskiy bilan uning qarorgohida uchrashganini aytgandi.
U qaytganidan keyin Putinga Zelenskiy uchrashuv so‘rayotganini yetkazgan. Bunga javoban Putin hech qachon uchrashuvdan bosh tortmasligi, ammo «quruq gap sotish»dan ma’no ko‘rmayotganini aytgandi.
«Bu menimcha, 21 may kuni bo‘lgandi. 22 may kuni esa ukrain qo‘shini Lugansk xalq respublikasidagi kollej yotoqxonasiga dahshatli terrorchilik zarbasini yo‘llab, bolalar va o‘smirlarni o‘ldirdi», – deydi Putin. U tadbirkorga «ular uchrashuv so‘rashi va ortidan bunday qo‘rqinchli jinoyat sodir etishi nimani anglatishi» haqida so‘ragan. U bunga javoban hech narsa deya olmasligini, ammo Kiyevdan qo‘ng‘iroq kutayotganini aytib, keyinroq aloqaga chiqishini bildirgan. Shundan keyin ular gaplashmagan.
Keyinroq Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov Kiyevga «ko‘pchilik taniydigan ancha yirik biznesmen» borganini aytdi, ammo u ham shaxsni ochiqlamadi. 6 iyun kuni Oliy rada deputati Aleksey Goncharenko ham o‘z manbasiga tayanib, Zelenskiy bilan uchrashuvga Abramovich kelganini xabar qildi.
7 iyun kuni esa Zelenskiyning o‘zi Sky News uchun intervyusida Abramovich bilan uchrashganini tasdiqladi.
«U Kiyevga keldi. U shunday dedi: „Menda bevosita o‘zingizga xabar bor va men sizdan javob olib, uni Putinga yetkazaman“. Ammo buni hech kimga sezdirmay qilish kerakligini ta’kidladi. Men shunday javob qildim: „Bu sizning ishingiz. Bizga oshkora yoki maxfiy bo‘lishining farqi yo‘q“», – dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning fikricha, Abramovich Kiyev tinchlik muzokaralari masalasida nimalarga tayyorligini bilishni istagan. Zelenskiy unga Ukraina Donbassni Rossiyaga bermoqchi emasligini bildirgan.
«Bu asosiy xabar edi. Men ketmasligimizni, ularga bunday qilib g‘alabani bermasligimizni aytdim», – deya qo‘shimcha qiladi Zelenskiy. Ular tomonlar qaysi masalalarda yon berishga tayyorligini ham muhokama qilishgan. Zelenskiy Abramovichga faqat o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin murosa qilish mumkinligini aytgan.
Mavzuga oid
20:34
Xominaiy o‘ldirilgach, Rossiyada Putinni qo‘riqlash uchun yaratilgan kuzatuv tizimi o‘chirib qo‘yildi
10:25
Zelenskiyning maktubi: diplomatik qadammi yoki strategik zarbami?
15:21 / 07.06.2026
Ukraina armiyasi Qrimga olib boruvchi trassani o‘lim yo‘liga aylantirdi
10:05 / 07.06.2026