Jahon | 19:33 / 08.05.2022
18927
6 daqiqa o‘qiladi

Sibirda yuzlab uylar yonib ketdi, 10 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Rossiyada yirik yong‘inlar

Shanba kuni Rossiyaning Sibirdagi uch regioni - Krasnoyarsk o‘lkasi, Kemerovo va Irkutsk oblastlarida yong‘inlar tufayli 13 kishi halok bo‘ldi. Kuchli shamol va elektr uzatish liniyalari uzilishi tufayli bu hududlarda keng ko‘lamli yong‘inlar boshlangan. Yuzlab binolar olov domida qolgan, shamol o‘t o‘chiruvchilar ishiga xalaqit qilmoqda. Ikki kun oldin Omsk oblastida ham ikki kishi halok bo‘lgandi.

Foto: TASS

Krasnoyarsk o‘lkasi

Yong‘in shanba kuni Krasnoyarsk o‘lkasidagi yigirmaga yaqin punktlarini qamrab oldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, regionda yetti kishi halok bo‘lib, 19 kishi yaralangan, ularning olti nafari o‘t o‘chiruvchilar. Shanba kuni Talajanka va Nikolsk qishloqlarida besh kishi, Achinskdagi yong‘inda yana ikki kishi halok bo‘lgan.

Rasmiylar xabariga ko‘ra, Krasnoyarsk o‘lkasida anomal yong‘inlar tufayli 518 ta turar joy, 309 ta imorat va 61 avtomobil jiddiy zararlangan yoki butkul yakson bo‘lgan. Avvalroq Rossiya o‘rmon xo‘jaligi bir necha aholi punktlarid 350 uy to‘liq yonib ketganini xabar qilgandi.

Hukumat yong‘in sababi elektr uzatish liniyasidagi qisqa tutashuv bilan bog‘liq ekanini aytishgan: elekr uzatish liniyasi kuchli shamollar tufayli shikastlangandi, shamol olov keng tarqalishini ham ta’minlagan.

«Interfaks»ning yozishicha, shamol tezligi soniyasiga 40 metrni tashkil etgan, natijada daraxtlar yiqilishi, elektr uzatish liniyalari ustma-ust tushishi bir vaqtning o‘zida ko‘plab hududlarda yong‘in chiqishiga olib kelgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, kuchli shamollar yong‘inni o‘chirishda aviatsiyadan foydalanishga imkon bermayapti.

Ommaviy yong‘inlar tufayli Krasnoyarsk o‘lkasida favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Yong‘inga qarshi kurash ishlari 13 rayonda olib borilmoqda. TASS xabariga ko‘ra, ayni vaqtda uyi yonib ketganlarning ko‘pchiligi qarindoshlarinikida qolmoqda.

Foto: TASS

Kemerovo oblasti

Kemerovo oblastining Tyajinskiy okrugida to‘rt kishi yong‘in qurboniga aylangan. «Interfaks» agentligi navbatchi dispetcherlik xizmatiga asoslanib xabar berishicha, bu hududda 143 uy yonib ketgan, 224 kishi boshpanasiz qolgan, odamlar vaqtincha qarindoshlarinikida joylashgan.

FVVning hududiy boshqarmasiga ko‘ra, Irkutsk oblastining Bratsk va Tayshetsk rayonlaridagi yong‘inlar bartaraf etilgan.

Irkutsk oblasti

Irkutsk oblastidagi yong‘inlar natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, gubernator Igor Kobzevning xabar berishicha, regionda favqulodda holat rejimi kiritilgan. Yakshanba kuni hududda 30 dan ortiq yong‘in o‘choqlari qayd etilgan.

«Morgudon posyolkasida 35 uy jabrlangan. Asosan noturar joylar. Bir pensioner halok bo‘lgan. 150 nafarga yaqin kishi evakuatsiya qilingan», deya yozgan gubernator o‘z telegram-kanalida. «Bratsk meri Sergey Serebrennikovning so‘zlariga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lgan», deyiladi uning keyingi postida.

Shanba kuni Irkutsk oblastining ikki aholi punktida - Bratsk rayonidagi Morgudonda va Tayshetsk rayonidagi Polovino-Cheremxovo qishlog‘ida yirik yong‘inlar yuzaga kelgan.

Xabar qilinishicha, olovni o‘chirish uchun hudud ma’muriyatidan oltita traktor va ikkita buldozer jalb etilgan. Yong‘inni o‘chirish ishlarida 69 kishi ishlamoqda, 25 dona texnika, jumladan o‘t o‘chirish poyezdidan foydalanilmoqda. FVVning Irkutskdagi boshqarmasidagilar shikoyat qilishicha, suv manbalari yo‘qligi va kuchli shamol tufayli yong‘inni o‘chirish ishlari murakkablashmoqda.

«Interfaks» ma’lumotiga ko‘ra, Kemerovo oblastida yettita o‘t o‘chirish avtosisternasi va ikkita sug‘orish mashinasi ishlamoqda. Krasnoyarsk o‘lkasi rahbariyati qo‘shni regionlardan yong‘inlarni o‘chirishda yordam so‘ragan.

Omsk oblasti

Avvalroq o‘rmon yong‘inlari Omsk oblastida ham kuzatilgandi, bu hudud rasmiylari ham yong‘inga elektr simlari uzilishi sabab bo‘lganini aytishgan va holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Nazivayevskiy rayoni hududiy elektr tarmoqlari boshlig‘i bir kun avval rayon markazida sodir bo‘lgan kuchli yong‘indan so‘ng hibsga olingan, gubernator Aleksandr Burkovning xabar qilishicha, bu yerda yong‘in natijasida 29 ta turar joy va 23 ta noturar joy shikastlangan.

Gubernatorning izohlashicha, aksar hollarda yong‘inlarga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan: «Shamol tufayli simlarning bir-biriga yopishib qolishi ro‘y bergan, bu esa transformator podstansiyalarida qisqa tutashuvlarga olib kelgan, undan keyin olov aholi punktlariga tarqalib ketgan. Kecha biz odamlarni elektr tarmoqlaridagi qisqa tutashuvlardan himoya qilish maqsadida 51 mingdan ortiq kishi yashaydigan 184 aholi punktini tokdan uzishga majbur bo‘ldik».

Biroz avvalroq Omsk oblastida 115 ta qurilma (shundan 70 tasi aholi turar joyi) olov ichida qolgan aholi punktida oltita yong‘in o‘chog‘i o‘chirilgani xabar qilingandi. Bu yerda ikki kishi halok bo‘lgan. Qizil Xoch jamiyatining Omsk bo‘limi yong‘inlardan jabrlanganlar uchun gumanitar yordam yig‘a boshlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid