Uch yil janggohlarda kurashgan otaning tushlarida haligacha urush dahshatlari yashaydi... Farzandlari va nabiralari qurshovida tom ma’noda umrguzaronlik qilayotgan Umarali ota bilan suhbatimiz uzoq davom etdi.
Urushga ketish
Paxtaoboddan bir yuz yigirma yigit bir vaqtda urushga ketganmiz. Urush so‘ngida esa shulardan faqat to‘rt kishi janggohlardan tirik qaytdi, xolos. Hammamizni tuman markazidagi hammomda kiyintirib, Farg‘onaga olib borib urushga tayyorlashgan. So‘ng Ufa shahrida pulemyotchilikka o‘rgatishdi. So‘ng Birinchi Ukraina frontiga jo‘natildik.

Bitta pulemyot raschyotida yetti kishi bo‘lar edi. Jitomir ostonasidagi janglardan birida besh kishimiz halok bo‘ldi. Komandirlar agar zarurat bo‘lib qurol tashlab ketiladigan bo‘lsa pulemyotning «tyaga»sini sindirib, yaroqsiz holda qoldirishga buyruq berishgandi. Biz ham shunday qilganmiz. Keyin avtomatchi bo‘ldik.
Esimda, fashistlar targ‘ibotiga uchib bitta diviziya to‘laligicha dushman tomonga o‘tib ketgandi. Har kuni frontning u tomonidan radiokarnaylarda o‘zbek, qozoq, rus tillarida taslim bo‘lishimizni so‘rab tashviqotlar bo‘lardi.
Tula shahrini ozod qilish paytida yarador bo‘lib shifoxonaga tushganman. So‘ng tuzalib yana safga qaytdim. Men fashistlarni otganman, lekin ularni otmasam ular meni o‘ldirgan bo‘lardi.


Urush dahshatlari
Ukrainada Stalnya degan kichik shahar bor ekan. U yerda qattiq jang bo‘lgan. Nemislar tish-tirnog‘igacha qurollangan edi. Kechalari olov yongan joyga samolyotlari bilan bomba tashlar edi. Biznikilar ko‘pi qurolsiz jangga kirar edi. O‘lganlarning qurolini olib otishga majbur bo‘lishgan. Armiyamiz asta-sekin kuchayib borib so‘ng g‘alaba qilgan.
Fashistlar yahudiylarning ko‘pini qirgan. Jitomirga yaqin joyda ham o‘ra kavlab, ularni tiriklay ko‘mib yuborishgan. Mahalliy aholi bir hafta yer ko‘tarilib-tushib turganini aytishgandi. Urushda inson o‘lik ko‘raverib, ta’sirlanmay qo‘yar ekan. Jasadlar ko‘pligiga o‘rganib ketganmiz.
















