O‘zbekiston | 13:44 / 09.05.2022
42849
3 daqiqa o‘qiladi

«Bugun dunyo tahlikali bo‘lib boryapti» - Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.

Harbiy orkestr ijrosida «Xotirlash kuyi» yangradi. Davlat rahbari «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.

Bu majmua Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. U o‘zbek xalqining urushdagi yo‘qotishlari, tinchlik uchun kurashi timsoli sifatida bog‘ markazidan o‘rin olgan. Shu ma’noda «Matonat madhiyasi» urushda o‘z bolasidan, o‘z yoridan judo bo‘lgan barcha onalar, barcha ayollar sharafiga o‘rnatilgan muazzam obidadir.

Bog‘da Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham jam bo‘ldi. Prezident ular bilan suhbatda xalqimizga tabriklarini yo‘lladi.

«Bugun ushbu G‘alaba bog‘ida turib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni qutlug‘ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunday damlarda qahramon ota-bobolarimiz xotirasini yodga olib, ularning jasorati oldida ta’zim qilamiz. Ularning tinchlik va ozodlikka bag‘ishlagan serqirra hayot yo‘li kelgusi avlodlar uchun o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan buyuk merosdir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bu maskan urush oqibatlarini, tinchlik qadrini yodga solishini ta’kidladi.

«Bugun dunyo tahlikali bo‘lib boryapti. Har daqiqa sinovli bo‘lyapti. Bu bizga ham ta’sir qiladimi? Albatta ta’sir qiladi. Lekin xalqimiz hayotiga shu ta’sirni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz. Mehnatimiz bilan, birdamligimiz bilan, Xudo xohlasa, bu sinovlardan ham o‘tamiz», – dedi prezident.

Vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ham majmua poyiga gullar qo‘ydi.

Mavzuga oid