O‘zbekiston | 08:06 / 14.05.2022
5845
2 daqiqa o‘qiladi

«Xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibori susayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz» - Vladimir Norov 

Xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibori susaygan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov MDH tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishidagi nutqida ma’lum qildi.

Foto: TIV

“Afg‘onistonga to‘xtalganda, afsuski, xalqaro hamjamiyatning ushbu mamlakatdagi vaziyatga e’tibori susayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni paytda u yerdagi vaziyat og‘ir iqtisodiy inqiroz va qiyin gumanitar vaziyat keskinligicha qolib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolmoqda”, dedi Vladimir Norov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning bugungi kuni va kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi hamda Afg‘onistonning og‘ir ijtimoiy muammolarini hal qilishda yordamni davom ettirishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rishi kerak.

“Muqaddas Ramazon hayiti arafasida O‘zbekistondan Afg‘onistonga 58 vagondan iborat, 4 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yuklangan yana bir gumanitar yordam poyezdi jo‘natildi”, dedi u.

Qayd etilishicha, joriy yil iyul oyi oxirida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya ushbu masalalarni dolzarblashtirish va har tomonlama muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi. 

Bundan oldin O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston bilan chegarada otishma bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etgandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid