11:17 / 17.05.2022
12293

AQSh gipertovushli qurolni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi

AQSh harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, AGM-183A gipertovushli raketasi 14 may kuni Kaliforniya janubida uchirilgan. Raketaning tezligi tovush tezligidan besh baravar ko‘p bo‘lgan.

Foto: Picture Alliance

AQSh harbiy-havo kuchlari 16 may, dushanba kuni AGM-183A ARRW (Air-Launched Rapid Response Weapon) gipertovushli raketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi. 14 may kuni Boeing B-52H Stratofortress strategik bombardimonchi samolyoti Kaliforniya janubiy qirg‘oqlari yaqinida raketa uchirdi, deb xabar berdi AQSh harbiy-havo kuchlari. 
 
«Samolyotdan ajralib chiqqanidan so‘ng, ARRW bloki kutilgan vaqt davomida yonib turdi va tovush tezligidan besh baravar yuqori gipertovush tezligiga yetdi», — deyiladi hujjatda. 

AQSh gipertovushli qurollarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan yagona davlat emas, ularning tezligi va harakati kuzatish hamda ushlab olishni qiyinlashtiradi, deb yozadi Reuters agentligi. 

Amerikalik harbiylar Rossiya Ukraina hududidagi jangovar operatsiyalarda gipertovushli raketalardan foydalanayotgani, Xitoy esa gipertovushli qurollarni sinovdan o‘tkazayotganini ma’lum qilgandi. Oktyabr oyida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bunday sinovlar haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi. 

Top