AQSh Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishiga ishonch bildirdi
Turkiyaning NATO kengayishi haqidagi xavotirlari oxir-oqibat hal qilinadi, dedi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi.
AQSh ma’muriyati Turkiyaning Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishiga qarshiligini yengib o‘tish mumkinligiga ishonchi komil. 18 may, chorshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan «oxir-oqibat Finlandiya va Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishiga va Turkiyaning xavotirlari bartaraf etilishiga ishonchimiz komil», dedi.
Shvetsiya va Finlandiya 18 may kuni NATOga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza topshirdi. Ilgari harbiy betaraflik siyosatini olib borgan ikki davlatning bu qaroriga sabab, ularning rasmiylari bir necha bor ta’kidlaganidek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi fonida yuzaga kelgan xavfsizlikka tahdiddir. Ayni paytda NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning ittifoqqa qabul qilinishiga veto qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.
Keskinlikni kamaytirish maqsadida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken shu kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan uchrashdi. Chavusho‘g‘li bu uchrashuvda Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning xavfsizlik bo‘yicha tashvishini tushunishi haqida aytib o‘tgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning xavotirlarini ham hisobga olish kerak. Anqara kelishmovchiliklarni «muloqot va diplomatiya» asosida bartaraf etishga intiladi, dedi Turkiya TIV rahbari.
Blinken, o‘z navbatida, Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi jarayonida alyansga a’zo davlatlar «ittifoqchi va hamkor» sifatida ish olib borishini aytdi. Chavusho‘g‘li muzokaralarni «o‘ta ijobiy» deb atadi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Blinken uni Vashington Turkiya xavotirlarini bartaraf etish uchun kerakli xabarlarni yetkazishiga ishontirgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 18 may kuni Anqara NATOning kengayishiga rozi bo‘lmasligi mumkinligini yana bir bor ma’lum qildi. U Finlandiya va Shvetsiyani kurd jangarilariga nisbatan aniq pozitsiyaga ega emaslikda, shuningdek, Turkiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishda aybladi.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg avvalroq Anqaraning talablarini inobatga olishga chaqirgan edi. «Turkiya qimmatli ittifoqchi va har qanday xavfsizlik muammosi inobatga olinishi kerak. Ushbu tarixiy daqiqada birgalikda harakat qilishimiz kerak», dedi bosh kotib.
Mavzuga oid
15:52
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12
Uyqu to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi - tadqiqot
14:32
AQShda juftlik to‘yi uchun to‘plagan pullarni uysiz itning operatsiyasiga sarfladi
11:54