Jahon | 11:38 / 20.05.2022
12465
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati Ukrainaga 40 milliard dollarlik yordamni tasdiqladi

AQSh Senati Ukrainaga yuboriladigan navbatdagi yordam paketini tasdiqladi. Hujjat imzo qo‘yish uchun Jo Baydenga yuborilgan. Prezident imzosidan keyin qonun kuchga kiradi.

Foto: AP

Respublikachi senator Rend Pol qarshi chiqqach, loyiha tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilmagandi. 19 may kuni qonun loyihasi senatorlar tomonidan oddiy tartibda ko‘rib chiqildi. Ovoz berish jarayonida 86 kishi uni qo‘llagan, 11 kishi qarshi chiqqan, 3 senator betaraf qolgan.

Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra AQSh Ukrainaga urush vaqtida 40 milliard dollarlik yordam ko‘rsatadi. Bungacha ham Amerika hukumati Ukrainaga 3,9 milliard dollar miqdorida yordam yuborgan. Urush uzoq davom etadi deb hisoblagan Jo Bayden Kongressdan Ukrainaga yordam uchun qo‘shimcha 33 milliard dollar so‘ragandi. Qonunchilar yordam paketini 40 milliard dollargacha oshirishdi.

Ukraina uchun ajratilgan 40 milliard dollarning hammasi qurol-yarog‘ uchun mo‘ljallanmagan. Masalan, 4 milliard dollar Ukraina va urushdan jabrlangan boshqa davlatlarning gumanitar ehtiyojlariga sarflanadi. Xususan, muhtojlarni oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlashga. Ukrainadan boshqa davlatlarga qochib yashashga majbur bo‘layotgan qochoqlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 350 million dollar ajratiladi. Urush boshlangach, ukrainaliklar asosan Polsha, Slovakiya, Vengriya va Ruminiyaga qochib ketishga majbur bo‘lgan.

9 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainani qo‘llash fondiga o‘tkaziladi. Bu pullarning aksar qismi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ishlatilishi kutilmoqda. Boshqa davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul ajratish uchun odatda tegishli memorandum imzolanishi kerak bo‘ladi, ammo ortiqcha byurokratiyaning oldini olish maqsadida AQShda lend-liz to‘g‘risida qonun kuchga kirdi. Bu loyihaga ko‘ra prezident Kongress roziligisiz Ukrainaga yordam yubora oladi.

Shubhasiz, asosiy yordam harbiy sohaga qaratiladi. Qonun loyihasida 15 milliard dollarga yaqin mablag‘ harbiy ko‘makka qaratilishi belgilangan. Xususan, 6 milliard dollar Ukraina xavfsizligini ta’minlashga, 8,7 milliard dollar AQSh Ukrainaga yuborgan qurol-yarog‘ zaxirasini to‘ldirishga sarflanadi. Yordam doirasida harbiy texnikalarga texnik xizmat ko‘rsatish ham ko‘zda tutilgan.

100 million dollar alohida yadro quroli tarqalishining oldini olish, terrorizmga qarshi kurashish va hududlarni minalardan tozalash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga ishlatiladi. Diplomatik sohaga ham 200 million dollar qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Xususan, Davlat departamentining Ukrainadagi mojaro bo‘yicha ishlab chiqqan loyihalari ijrosiga. AQShning Ukrainadagi elchixonasi xavfsizligini ta’minlashga qo‘shimcha 110 million dollar beriladi.

Qonun loyihasida qayd etilgan eng muhim bandlardan biri shuki, Jo Bayden istalgan vaqtda Ukrainaga yordam uchun yuborishga mo‘ljallangan 11 milliard dollardan iborat zaxiraga ega bo‘ladi. Ya’ni, bu pullar Kongress tasdig‘isiz urushning borishiga qarab Ukrainaga yordam uchun yuboriladi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid