Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk marta: Bayden lend-liz to‘g‘risida qonunni imzoladi
AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga yengillashtirilgan tartibda qurol yuborish imkonini beradigan lend-liz to‘g‘risida qonunni imzoladi. Bunday qonun oxirgi marta Ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh ittifoqchilariga yordam yuklarini yuborishi uchun imzolangan.
Rasman «2022 yilda Ukrainadagi demokratiyani himoya qilishga qaratilgan lend-liz» deb nomlanuvchi qonun Kongressga hali Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan avval, yanvar oyida kiritilgan. 3 may kuni Vakillar palatasi katta ustunlik bilan (417 kishi rozi, 10 kishi qarshi bo‘lgan) qonunni ma’qulladi. Ungacha hujjat AQSh senati tomonidan ham ma’qullangandi.
Imzolangan qonunga ko‘ra, endilikda AQSh prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga yoki Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan jabr ko‘rgan Sharqiy Yevropa davlatlariga qarz yoki harbiy qurollarni ijaraga yuborish bo‘yicha hukumatga topshiriq berishi mumkin. Qonun o‘rtadagi katta vaqt oladigan byurokratik to‘siqlarni cheklab o‘tishga imkon beradi.
Oxirgi marta AQShda lend-liz to‘g‘risida qonun Ikkinchi jahon urushi vaqtida imzolangan. O‘shanda AQSh qonun orqali urushda qatnashayotgan ittifoqchilariga qurol-yaroq, neft mahsulotlari, tibbiy vositalar va oziq-ovqat mahsulotlarini oldindan to‘lovsiz, uzoq muddatga yubora olgan. Xususan, AQShning urushdagi ittifoqchisi SSSRga ham yordam yuborilgan.
AQSh urush boshlangandan buyon Ukrainaga uch marta harbiy yordam yubordi. Ularning har biri 800 million dollarni tashkil etgan. Shuningdek, pul va boshqa ko‘rinishda ham yordam yuborilgan. 28 aprel kuni Jo Bayden Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Kongressdan qo‘shimcha 33 milliard dollar so‘ragandi.
Lend-liz nima o‘zi?
Inglizcha land va lease so‘zlaridan olingan atama qarz berish va ijaraga berish degan ma’noni anglatadi. Bu qonun odatda qurol sotishda uchraydigan byurokratik to‘siqlarni cheklab o‘tish imkonini beradi. Led-lizsiz holatda Ukraina AQShdan ijaraga olgan qurollarini 5 yil ichida qaytib berishi va yetkazilgan zararni o‘sha vaqtning o‘zida to‘lashi shart bo‘lardi. Endi bunday bo‘lmaydi va AQSh o‘z ixtiyoridagi qurollarni Ukrainaga uzoq muddatga ijaraga berishi mumkin.
Shuningdek, bu qonun Bayden administratsiyasidan Kongressga Ukrainaga yuboriladigan har qanday qurol haqida hisob berish majburiyatini vaqtincha olib tashlaydi. Harbiy ekspertlarning fikricha, endilikda AQSh Ukrainaga katta miqdorda og‘ir qurollar yuborishi mumkin. Bu esa hozir to‘xtab qolgan diplomatik munosabatlarda, agar ular tiklansa, Ukrainaga ustunlik beradi.
Mavzuga oid
09:31 / 15.11.2024
Yevropa Baydendan ketishidan oldin Ukrainaga yordamni oshirishni so‘ramoqda
21:08 / 14.11.2024
Prezidentlar uchrashuvi: Bayden va Tramp Oq uyda ikki soat gaplashdi
09:40 / 14.11.2024
Bayden Trampga: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash AQSh manfaatlariga javob beradi
21:45 / 13.11.2024