O‘zbekiston | 15:24 / 20.05.2022
11885
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zmedimpeks» direktori va SSV mas’ul xodimi vazifasidan ozod etildi

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asosan «O‘zmedimpeks» davlat unitar korxonasi direktori Diyorxon Kattaxo‘jayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda SSV matbuot kotibi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, u xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari hamda tizimda davlat xaridlarini amalga oshirishdagi sustkashligi uchun ishdan olingan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish hamda muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi mas’ul xodimi ham egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil dekabrida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev «O‘zmedimpeks» korxonasi dori vositalarini qimmat sotib olib, budjetga 9,3 mln dollar va 4 mlrd so‘m zarar yetkazgani haqida ma’lum qilgandi. O‘sha yili shifoxonalarga yaroqliligi sentabrda tugaydigan 7 milliard so‘mlik 107 mingdan oshiq aerozol tarqatgan - holbuki bu doriga yillik haqiqiy ehtiyoj bundan 250 baravar kam bo‘lgan.

Mavzuga oid