Jahon | 21:12 / 23.05.2022
36109
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: bir zarba oqibatida 87 kishi halok bo‘ldi. Chernigovdagi fojia haqida nimalar ma’lum?

Dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Chernigov oblastidagi Desna qishlog‘ida rossiyaliklarning raketa zarbasidan keyin xarobalar ostidan 87 kishining jasadi olib chiqilganini ma’lum qildi. Bu aholi punktiga 17 may kuni zarba berilgandi, bu yerda Ukraina qurolli kuchlari tayyorlov markazi joylashgan.

Desnaga 17 may kungi hujum oqibatlari. Foto: OPERATION COMMAND NORTH

Ukraina hukumati bayonotiga ko‘ra, bu Ukrainada Rossiya bosqini boshlanganidan buyon bir lahzaning o‘zida ro‘y bergan eng yirik yo‘qotishlardan biri bo‘ldi. Mart oyida Nikolayev oblasti ma’muriyati binosiga raketa zarbasi kelib tushishi oqibatida 50 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgandi. Bundan tashqari, Rovno shahridagi milliy gvardiya teleminorasi va kazarmasiga zarba oqibatida 20 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgani haqida xabar berilgan, shuningdek, mamlakatning boshqa regionlaridagi harbiy qismlar kazarmalariga berilgan zarbalar o‘nlab qurbonlarga olib kelgan.

Bunday hujumlar tufayli ukrain harbiylari va ekspertlari Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarni tunda kazarma binolariga joylashtirish amaliyotidan voz kechishi kerakligi haqida ayta boshlagan.

«Bugun biz Desnadagi ishlarni yakunladik. Afsuski, statistika shunday: bugun Desnada xarobalar ostidan 87 jasad chiqdi, qurbonlar, halok bo‘lganlar - Ukraina kelajagi endi bu insonlarsiz bo‘ladi», dedi Davos iqtisodiy forumida videoaloqa orqali qatnashgan Zelenskiy.

Desnaga berilgan zarba haqida Zelenskiy o‘z nutqi davomida emas, savol-javob sessiyasida e’lon qildi. Prezidentdan hujum va uning qurbonlari haqida so‘ralmagandi, u Ukraina kelajagini qanday ko‘rishi borasidagi savolga javoban shu ma’lumotni berdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevdan turib Davosdagi jahon iqtisodiy forumida onlayn qatnashdi
AP Photo/Markus Schreiber

Shuningdek, Zelenskiy urush olib borayotgan mamlakat prezidenti sifatida Ukrainaning hozirgi ahvoli va har kuni qancha odam halok bo‘layotgani haqida o‘ylashini aytdi. Shu kunlarda u urush har kuni 50-100 nafar ukrain harbiy xizmatchisini hayotdan olib ketayotganini ma’lum qilgandi.

Desnaga zarba

Desnaga zarba berilgani to‘g‘risida 17 may tongida Chernigov oblasti ma’muriyati rahbari Vyacheslav Chaus xabar bergandi. «Chernigovliklar uchun xayrli kun emas - dushman erta tongda Desna qishlog‘iga raketa zarbalari yo‘lladi», deya yozgandi u.

O‘shanda Rossiya armiyasi bir vaqtning o‘zida ukrainalik harbiylar joylashgan bir necha aholi punktlariga zarbalar bergandi. Ammo Desnaga hujum eng qonlisi bo‘ldi.

Zarbalardan keyin hukumat Desnada qurbonlar va ko‘plab yaralanganlar borligini, voqea joyida qutqaruvchilar va huquq-tartibot organlari xodimlari ish olib borayotganini ma’lum qilgandi. «Urush yakunlanmadi, urush Chernigovni tark etmadi», degandi o‘shanda Chaus va oblast aholisini ogohlikka chaqirgandi.

Avvaliga qutqaruvchilar Desna o‘qqa tutilishi oqibatida 8 kishi halok bo‘lgani va 11 kishi yaralanganini xabar qilgandi. Bir necha kun o‘tib 11 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi, ammo shundan keyin qurbonlar soni ortgani to‘g‘risida ma’lumot berilmagandi. Shu tufayli Zelenskiyning zarba oqibatida 87 kishi qurbon bo‘lgani to‘g‘risidagi bayonoti kutilmagan va shokka tushiruvchi ma’lumot bo‘ldi.

Shahar tipidagi Desna posyolkasida knyaz Yaroslav Mudriy nomidagi 169-o‘quv markazi faoliyat olib boradi. U Kiyev va Chernigov oblastlari chegarasi yaqinida joylashgan.

Desnada Ukraina qurolli kuchlari o‘quv markazi joylashgan. Fotoda - 2015 yilda poligondagi mashg‘ulotlar. Foto: NURPHOTO

Ushbu aholi punkti Ukrainaga bosqinning ilk kunlarida ham o‘qqa tutilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid