Donald Tramp Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor o‘zgartirdi va Volodimir Zelenskiyning «ishlari yomon ketmayotgani»ni ta’kidladi.
24 iyun kuni Oq uyda AQSh prezidentining NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvi chog‘ida Sky News muxbiri Mark Stoun Trampga shunday savol berdi: «Siz g‘oliblarni yoqtirasiz. Sizningcha, hozir Zelenskiyning qo‘li baland kelyaptimi?»
«Uning ishlari yomon emas. Nima bo‘lganda ham u taslim bo‘lmayapti. Ikki tomondan ko‘plab odamlar halok bo‘lmoqda, ammo men u yaxshi uddalayapti, deb hisoblayman. Quloq soling, u mard odam ekanini tan olmasdan iloj yo‘q. Uning qurollari ajoyib, ammo odamlari ham ajoyib, haqiqiy jangchilar», – deya javob qaytargan Tramp.
Reporter: You like winners. Do you think President Zelenskyy is winning right now?
— Open Source Intel (@Osint613) June 24, 2026
TRUMP: He's doing pretty well. Look, you have to say he's courageous. He's got fighters. pic.twitter.com/sdz5DFL6Mo
Zelenskiy bir kun oldingi kechki videomurojaatida Ukrainaning Rossiya bo‘ylab uzoq masofali zarbalar kampaniyasining oraliq natijalarini sarhisob qilgandi. U neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar tufayli Rossiyaning 60 dan ortiq regionida yoqilg‘i taqchilligi kuzatilayotgani, Rossiya hukumati esa havo hujumidan mudofaa tizimlarini Moskva va Valdayni yaxshiroq qo‘riqlash uchun yo‘naltirayotgani, natijada mamlakatning boshqa qismlari himoyasiz qolayotganini aytib o‘tgandi.
Zelenskiy Ukraina Rossiyani «tinchlikni tanlash»ga majbur qilish uchun hamkorlardan yordam kutayotganini qo‘shimcha qilgan. «Bizning operatsiyamiz, jumladan, Qrimdagi operatsiyamiz aniq rejalashtirilgan. Va uning qanday davom etayotgani shuni yaqqol isbotlaydi: agar biz G7 doirasidagi hamkorlarimiz bilan gaplashgan narsa Ukrainada paydo bo‘lsa – va bu hamkorlarning qaroriga bog‘liq – biz tezda Rossiya tinchlikni tanlashga majbur bo‘ladigan sharoitni yuzaga keltiramiz», – deydi u.
Trampning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarganining sezilarli belgilari Fransiyaning Evian shahrida 15-17 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan G7 sammitidan keyin paydo bo‘la boshladi. Ushbu sammitdan keyin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Tramp Ukrainaga nisbatan «yondashuvning haqiqiy o‘zgarishi»ni namoyish etganini ta’kidladi.
Financial Times manbalariga ko‘ra, Ukrainaning Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berish kampaniyasi Trampda «katta taassurot qoldirgan». Kyiv Independent nashri Ukrainaning yuqori martabali mulozimiga tayanib yozishicha, Tramp o‘zaro suhbatlarda Zelenskiyni Rossiya bilan urushda «dadilroq» harakat qilishga chaqirgan.

















