Jahon | 08:21 / 24.05.2022
6603
2 daqiqa o‘qiladi

JSST maymun chechagiga qarshi ommaviy emlashni zarur deb hisoblamayapti

Maymun chechagi virusini nazorat ostida ushlab turish uchun gigiyena qoidalariga rioya etish va xavfsiz jinsiy aloqa yetarli, dedi JSSTning Yevropadagi yuqori xavfli patogenlar bo‘limi rahbari Pebodi.

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) fikricha, Yevropa va Shimoliy Amerikada odamlarning maymun chechagi bilan kasallanish holatlari ushbu kasallikka qarshi ommaviy emlashni talab qilmaydi. 23 may, dushanba kuni JSSTning Yevropadagi o‘ta tashvishli patogenlar bo‘limi rahbari Richard Pebodi Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish va xavfsiz jinsiy aloqa infeksiya tarqalishini nazorat qilish uchun yetarli bo‘ladi. 

O‘zaro aloqalarni aniqlash va kasallikni yuqtirib olganlarni izolyatsiya qilish maymun chechagi infeksiyasi tarqalishini nazorat qilishning asosiy chorasidir, deya qo‘shimcha qildi u. 

Avvalroq Germaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ham maymun chechagi odamlar uchun unchalik xavfli emasligini ta’kidlagan edi. 

Odamlarda maymun chechagi bilan kasallanish holatlari hozirgacha asosan Afrikaning ba’zi qismlarida ma’lum bo‘lgan. 20 may kuni Germaniyada infeksiyaning birinchi holati aniqlangan. Bungacha Yevropada, jumladan, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Ispaniya, Italiya, Fransiya va Belgiyada bu yuqumli kasallikning bir necha holati kuzatilgan edi. 

Umuman olganda, hozirgi kunga qadar Yevropa va Shimoliy Amerikada odamlarda maymun chechagi infeksiyasining yuzdan ortiq holatlari qayd etilgan. Gap infeksiyaning g‘arbiy Afrika varianti deb hisoblangan va markaziy Afrika variantiga qaraganda yengil kechuvchi turi haqida bormoqda.

Mavzuga oid