“UZCHARMEXPO-2022” – yangi formatdagi hamkorlik manzili
Joriy yilning 25-27 may kunlari Toshkentda dunyo charm-poyabzal va moda sanoatidagi xalqaro hamkorlikning yangi strategiyasi belgilab olinishi kutilmoqda. Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” MKMda Markaziy Osiyodagi eng yirik charm-poyabzal va mo‘yna sohasining ixtisoslashgan anjumani “UZCHARMEXPO-2022” 12-xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Jahon charm-poyabzal va mo‘yna sanoatining yirik kompaniyalari va brendlari O‘zbekiston poytaxti Toshkentda uchrashadi. Xalqaro bozor talablari, sohaga kiritilayotgan innovatsiyalar va kuzatilayotgan moda tendensiyalari, ishlab chiqarish salohiyati va eksport uchun yangi bozorlar shu kabi ko‘plab mavzular ko‘rgazma doirasidagi biznes muloqotlarda muhokama etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi, “O‘zekspomarkaz” MKM hamkorligi va ko‘magida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tashkillashtirilayotgan mazkur xalqaro ko‘rgazma uning ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilar uchun muvaffaqiyatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi. Shuningdek, biznesni yanada rivojlantirish yo‘lida yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Yiliga ikki marotaba, bahor va kuzda o‘tkaziladigan mazkur ko‘rgazma o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish, ishbilarmonlik portfelini yangi biznes loyihalar bilan boyitishda samarali maydon sanaladi.
Joriy “UZCHARMEXPO-2022” 12-xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida 500 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Germaniyaning “Mephisto”, “Desma”, “Tutelo GmP”, Italiyaning “Tecon”, “ItalProgetti”, Turkiyaning “O`zdersan”, “Demaksan”, Rossiyaning “Parijskaya Kommuna”, “Yaxting”, “Zebra”, “Avanti”, “Bars”, “Trumpler”, Hindistonning “Penza Expors”, “Homera Tanning”, “SHLF”, “Pacific Chemicals” kabi 10 dan ortiq davlatning 100 ga yaqin brendlari delegatsiyalari o‘z mahsulotlari va texnologiyalarini xalqaro anjumanga olib keladi. Shuningdek, Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro mo‘yna federatsiyasi, qator davlatlarning milliy uyushmalari vakillari ayni yo‘nalishdagi ishlar va yangiliklar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyalarida charm-poyabzal va mo‘yna sohasidagi ishlab chiqaruvchilar, poyabzal va mo‘ynachilik kengashlari va tadbirkorlarni uchratasiz.
Har yili ko‘rgazmaga 5 mingga yaqin mehmon tashrif buyuradi. Uch kun davomida ko‘rgazma stendlarida, biznes uchrashuvlarda ko‘plab manfaatli muloqotlar amalga oshiriladi. Yangi hamkorlik kelishuvlariga erishiladi.
Mahalliy charm, poyabzal, jun va mo‘yna sanoatining eng faol takliflari uch kunlik ko‘rgazma “UZCHARMEXPO-2022” stendlarida taqdim etiladi.
“UZCHARMEXPO-2022” nafaqat kompaniyalarning salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyati, balki B2B va G2B muzokaralari uchun samarali platformadir. Ko‘rgazma doirasida biznes-muloqotlar va taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ko‘rgazma dasturidan mahalliy dizaynerlar tomonidan tabiiy charmdan yaratilgan poyabzal, attorlik va mo‘yna mahsulotlari, zamonaviy liboslar defelesi ham o‘rin olgan. Unda iste’dodli dizaynerlarning yangi kolleksiyalari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Sizni “UZCHARMEXPO-2022” 12-xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida kutib qolamiz.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi Matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
11:23 / 09.07.2024
Ohangaronda 23 ta yangi charm sanoat korxonasi barpo etiladi
21:58 / 18.03.2024
Uchta uyushma raislari o‘zgardi
17:36 / 23.10.2023
“UzCharmExpoEurAsia-2023”da 112 mln dollarlik eksport shartnomalari imzolandi
09:00 / 18.09.2023