O‘zbekiston | 12:47 / 28.05.2022
15405
5 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibi belgilanmoqda

Yer uchastkalari faqat aniq tartib asosida jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga olib qo‘yilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Senat yalpi majlisida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqildi.

“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi, unda joylashgan ko‘chmas mulk obektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillari belgilanmoqda.

Qonunda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlarning ro‘yxati aniq qilib ko‘rsatilgan. Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish qat’iyan ta’qiqlanadi.

Shuningdek, buzilishga tushgan hududda joylashgan yerga bo‘lgan huquq mavjud bo‘lmay turib, o‘n besh yil davomida ko‘chmas mulkka halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslarga ham ushbu ko‘chmas mulk obekti uchun soliqlar to‘lab kelingani tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk obekti qiymatining o‘rni qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida kompensatsiya komissiyalari tuzilishi belgilanmoqda.

Mazkur komissiyalar kompensatsiyalar o‘z vaqtida to‘liq hajmda berilishi ustidan muntazam monitoring va berilgan kompensatsiyalarning hisobi yuritilishini ta’minlaydi. Kompensatsiyalar o‘z vaqtida va to‘liq berilmagan holatlar aniqlanganda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari mahalliy kengashiga axborot kiritilishi ham qonunda belgilangan.

Qonunda jamoat ehtiyojlariga olib qo‘yiladigan yer uchun beriladigan kompensatsiya turlari va manbalari ham aniq ko‘rsatilmoqda. Beriladigan kompensatsiya turlari pul mablag‘lari, shu jumladan turar joylarni va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni vaqtinchalik ijaraga olish uchun pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk obektini mulk qilib berishdan iborat.

Qonun bilan bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy qadriyatlarni saqlab qolish maqsadida huquq egalarining xohishiga ko‘ra, ularga bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p kvartirali uydagi kvartiralar) berilishi belgilanmoqda.

Yalpi majlisda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Fuqarolik, Yer, Shaharsozlik va Budjet kodekslariga hamda “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi va boshqa shu kabi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmuniga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod va doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun qonunchilikda belgilangan kompensatsiya to‘la hajmda qoplanganidan keyin olib qo‘yilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Ushbu qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid