Qonunçilik palatasi deputatlari mehnat munosabatlarini takomillaştirişga qaratilgan qonun loyihasini ikkinçi öqişda qabul qildi.

Ta’kidlanişiça, hujjat mehnat munosabatlarini rasmiylaştirişni soddalaştiriş, ortiqça byurokratik tösiqlarni bartaraf etiş hamda xodimlarning huquqlarini işonçli himoya qilişga qaratilgan.

Qonunçilik palatasi xabariga köra, loyihada iş beruvçi tomonidan iş haqi tölaş muddati buzilgan taqdirda, har bir keçiktirilgan kun uçun pulli kompensatsiya tölaş tartibi aniqlaştirilmoqda. Ammo xabarda bu qanday bölişi haqida ma’lumot berilmagan.

Eslatib ötamiz, Özbekiston qonunçiligida iş haqini keçiktirgani uçun avtomatik hisoblanadigan yagona kunlik penya me’yori belgilanmagan. Kompensatsiya masalasi Mehnat kodeksi, jamoa şartnomasi, mehnat şartnomasi yoki boşqa lokal hujjatlarga qarab hal qilinadi.

Qayd etilişiça, işga qabul qilişda talab etiladigan hujjatlar röyxati ham qisqartirilmoqda. Ya’ni, taklif etilayotgan tartibga köra, fuqaroni işga qabul qilişda asosan uning şaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va çaqiriluvçilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etadi.

Şu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlaştirişga e’tibor qaratilmoqda. Endi elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qölda imzolangan hujjatlar bilan tenglaştiriladi.

Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zöravonlikka qarşi kuraşişga doir normalar ham öz aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlaş, ularning oldini oliş va jabrlangan xodimlarni himoya qiliş çoralari belgilanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Qonun kuçga kirişi uçun Senat tomonidan ma’qullanişi, prezident tomonidan imzolanişi lozim.