Sport | 20:31 / 30.05.2022
48531
2 daqiqa o‘qiladi

Axbor Imomxo‘jayev vafot etdi

Marhum so‘nggi oylarda og‘ir betob edi.

Foto: O‘zA

Taniqli futbol sharhlovchisi, O‘zbekiston sport jurnalistlari otaxoni Axbor Imomxo‘jayev 86 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda uning nabirasi, O‘zbekiston Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jayev telegram sahifasi orqali xabar berdi. Qayd etilishicha, janoza 31 may, seshanba kuni soat 10:00 da o‘qiladi.

Axbor Imomxo‘jayev 1936 yilning 19 fevralida Toshkentda tavallud topgan. U 1954–1956 yillarda Toshkent viloyati Pedagogika bilim yurtida ta’lim olgan, 1959–1963 yillarda Jismoniy tarbiya instituti futbol bo‘limini tugatgan.

Faoliyatining dastlabki yillarida maktablarda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik hakamlik, sharhlovchilik va sport jurnalisti sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 

Umrining 60 yildan oshiq qismini o‘zbek futbol rivoji va o‘zbek sporti jurnalistikasiga bag‘ishlagan Axbor Imomxo‘jayev 1996 yilda «Shuhrat» medali, 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Turon fanlar akademiyasining akademigi va O‘zbekiston jurnalistlarining «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindori bo‘lgan.

Axbor Imomxo‘jayev o‘zbek futboliga oid qator kitoblar muallifi ham hisoblanadi. Uning «Futbol quvonchim, dardim, faxrim», «Maftuningman futbol», «O‘zbegimning Mirjaloli», «Asr futbolidagi asl qadrdonlarim» kabi kitoblari nashr etilgan.

Mavzuga oid