AQSh elchisi - O‘zbekistondagi so‘z erkinligi va “qizil chiziqlar” haqida
Deniyel Rozenblyumning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda OAVga oid qonunchilikda jiddiy kamchiliklar bor. Bu kamchiliklar juda ko‘p mansabdor shaxslarning OAVga munosabatida, jurnalistlarning qanchalik bosimlarsiz ishlay olishida ko‘rinadi. “O‘z-o‘zini senzura qilish hollari juda ko‘p, jurnalistlar qanday “qizil chiziqlar”ni bosib o‘tmaslikni bilishadi, chunki bu chiziqlarni kesib o‘tishdan qo‘rqitiladi”, dedi diplomat.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenbyulm Toshkentdagi Vebster universitetida, OAV xodimlari uchun kasbiy ingliz tili dasturi bitiruvchilariga sertifikatlarni topshirish tadbirida qatnashdi.
Diplomat jurnalistlar qarshisidagi nutqida O‘zbekistondagi so‘z erkinligining holatiga to‘xtaldi. Kun.uz quyida uning nutqidan asosiy qismini taqdim etadi.
Deniyel Rozenblyum, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
— Aprel oyida ko‘pchiligimiz, menimcha, shu zalda o‘tirganlarning ham aksari, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 2022 yildagi jahon matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rib, hayratlandik.
Reyting haqidagi bu yangilikning O‘zbekistonda qanday yoritilgani men uchun juda qiziq bo‘ldi: ko‘plab OAV O‘zbekiston reytingda 24 pog‘ona yuqorilaganini ma’lum qilishdi hamda buni mamlakatda OAV uchun yaratilgan erkinroq muhit natijasida O‘zbekiston erishgan yutuqning xalqaro doiradagi e’tirofi, deya ta’kidlagan prezident matbuot kotibi janob Asadov va yo OAVni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi raisi janob Allamjonovdan iqtibos keltirishdi. Adolat nuqtayi nazaridan, janob Allamjonov vaziyat yanada yaxshilanishi mumkinligiga ishora qilib, “agar matbuot faoliyatiga kamroq aralashilsa, yanada yuqoriga ko‘tarilish uchun imkonimiz bor”, dedi.
O‘zbekiston tashqarisidagi ba’zi ommaviy axborot vositalari esa bu voqea ortida ko‘zga tashlanmayotgan bir narsa borligini ta’kidladi. Ya’ni “yuzaki voqea ortida yashiringan haqiqiy voqea” mavjud edi. O‘ylaymanki, professional jurnalistlarning ishi o‘sha “haqiqiy voqea” nima ekanini topish va u haqda xabar berish, degan fikrga barchangiz qo‘shilasiz.
Gap shundaki, O‘zbekistonning haligi reytingda yuqoriga ko‘tarilishini tushuntirish uchun murakkabroq sabab mavjud, buning esa erkin va mustaqil OAV uchun sharoit yaxshilangani va yo jurnalist va blogerlarga nisbatan munosabat bilan aloqasi yo‘q. Gap shundaki, 2022 yilgi jahon matbuot erkinligi indeksi uchun “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti mamlakatlarni baholash metodologiyasini butunlay o‘zgartirgandi. U matbuot erkinligini baholashda beshta yangi ko‘rsatkichni joriy qildi va bu ko‘rsatkichlarning har biri bo‘yicha ma’lum bir mamlakatga oid natijalarni o‘lchash uchun yangicha so‘rov turlaridan foydalandi.
Metodologiyaning bunday o‘zgarishi natijasida ko‘plab mamlakatlarning o‘rni yo yuqoriga, yo quyiga o‘zgarib ketdi. Shu bois, 2021 va 2022 yilgi reytinglarni mazmun jihatidan taqqoslash juda murakkab, balki imkonsizdir.
Qolaversa, O‘zbekiston olgan baho – mamlakat reytingini baholash uchun berilgan son – 2022 yilgi jahon matbuot erkinligi ko‘rsatkichida 2021 yildagidan pasaydi. U 2021 yilda 49,26 bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda 45,74 ga tushdi. Takror aytmoqchimanki, O‘zbekiston olgan baho pasaydi. Ya’ni “voqea ortidagi asl voqea” ana shu edi.
Men bu o‘rinda “Chegara bilmas muxbirlar”ning 2022 yildagi jahon matbuot erkinligiga oid hisobotidan ham iqtibos keltirishni istayman: “Hukumat asosan ommaviy axborot vositalarini, shuningdek, hukumat bilan yaqin aloqada bo‘lgan bir qator blogerlarni keng nazorat qiladi... Hukumat haligacha OAVni repressiya qilishga imkon beruvchi qonunlarni bekor qilish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirmadi... Kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish keng tarqalgan... Rasmiylar buni iqtisodiy bosim o‘tkazish va jurnalistlarni korrupsiyalashtirishga urinish amaliyotiga aylantirmoqda... Oxirgi qamoqqa olingan jurnalistlar ozod etildi, ammo reabilitatsiya qilinmadi... Blogerlar tahdidga uchrab, hibsga olindi”. Bularning bari “Chegara bilmas muxbirlar” chiqargan jahon matbuot erkinligiga oid hisobotdan iqtiboslardir.
Endi bu narsa, ya’ni o‘z hisoboti va materiallarida masalaga imkon qadar adolatli va muvozanatli yondoshish – professional jurnalistlar va elchilar uchun ham muhimdir. Bu esa ko‘pincha materiallar uchun mazmunli kontekst taqdim etishni anglatadi. O‘zbekistonning 2022 yilgi matbuot erkinligi reytingida joylashgan o‘rni borasidagi voqeaning mazmunli konteksti, shuningdek, jurnalistika uchun muhit, bugungi kunda O‘zbekistonda OAV erkinligi va xilma-xilligi olti yil avvalgiga nisbatan ancha yaxshilanganini e’tirof etishni ham qamrab olmog‘i lozim.
Harqalay, men shunday fikrdaman. Sizlar bu haqda qanday o‘ylayotganingiz men uchun qiziq, ammo menimcha, 2016 yildan avval bu yerga kelganimda kuzatgan va eshitganlarim 2016 yildan keyin mamlakat bo‘ylab ko‘rgan, o‘qigan va eshitganlarim asosida aytishim mumkinki, OAV erkinligi va xilma-xilligi darajasi va jurnalistlar uchun yaratilgan muhit sezilarli darajada yaxshilangan.
2016 yildan buyon media sohasida keskin va umuman olganda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jurnalistlar uchun mamlakatingizda, hukumatingiz yo jamiyatingizda ro‘y berayotgan voqealar haqida xabar berish uchun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyat mavjud.
Shu bilan birga, OAVga oid qonunchilikda jiddiy kamchiliklar mavjud. Bu kamchiliklar juda ko‘p mansabdor shaxslarning OAVga munosabatida, jurnalistlar uchun mavjud bo‘lgan kasbiy andozalar va etikada, eng muhimi, jurnalistlarning qanchalik bosim va qo‘rqitishsiz ishlay olishida, ayniqsa, kimdir siyosiy jihatdan nozik masala deb ko‘rilgan sohalarda materiallar tayyorlash kabilarda namoyon bo‘ladi. O‘z-o‘zini senzura qilish hollari juda ko‘p, jurnalistlar qanday “qizil chiziqlar”ni bosib o‘tmaslikni bilishadi, chunki bu chiziqlarni kesib o‘tishdan qo‘rqitiladi.
Men o‘tgan yilda o‘sha kamchiliklar yanada keskinlashdi va ko‘zga tashlandi, degan bo‘lardim. Shu bois men va O‘zbekistondagi vaziyatni kuzatuvchi boshqa ko‘plab kishilar jahon matbuot erkinligi reytingidagi xabarni o‘qib, juda hayratda qoldik. Ya’ni bu hayrat voqea ortidagi asl voqea nimada ekanini aniqlashtirgunimizcha davom etdi.
Xulosa o‘rnida ijobiy tomonlarni ta’kidlashni istardim. Mamlakatingizda OAV vakillari uchun har qachongidan ham kengroq imkoniyatlar yaratilgan: o‘z vatandoshlaringizning ovozini eshitarli qilib berish imkoni, ularning tashvishlarini eshitish imkoni. Odamlarning kundalik hayotiga taalluqli qiziqarli va muhim masalalar haqida yozish uchun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyat mavjud. Davlat amaldorlarini o‘z qilmishlari uchun javobgarlikka tortishga har qachongidan ham ko‘proq imkoniyat bor. Prezident Mirziyoyev ko‘p bor ta’kidlaganidek, davlat xalqqa xizmat qilmog‘i kerak, aksincha emas.
Mavzuga oid
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
16:46 / 26.08.2024
Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi
07:45 / 07.08.2024