Jahon | 09:40 / 03.06.2022
14193
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya va Belarusning 71 kompaniyasiga nisbatan savdo sanksiyalarini joriy qildi 

AQSh sanksiyalari Rossiya mudofaa sektorini Qo‘shma Shtatlar harbiy texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum etishga qaratilgan, deb ta’kidladi Oq uy matbuot xizmati.

Foto: NDTV

Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy harakatlari fonida 2 iyun, payshanba kuni AQSh Savdo vazirligi 70 dan ortiq Rossiya va Belarus korxonalarini, jumladan, aviatsiya, kemasozlik zavodlari va ilmiy-tadqiqot institutlarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Hammasi bo‘lib 71 ta korxona, jumladan, «Ilyushin nomidagi aviatsiya majmuasi», «Yakovlev nomidagi tajriba konstruktorlik byurosi», «Rubin» dengiz texnikasi markaziy konstruktorlik byurosi, «Malaxit» kemasozlik byurosi, «Almaz» dengiz konstruktorlik byurosi, «Gazprom neft shelf» kompaniyasi, Rossiya Mudofaa vazirligining Chuqur dengizni tadqiq qilish bosh boshqarmasi va Rossiya Fanlar akademiyasining bir qator tuzilmalari sanksiyalar ostiga tushdi. 

Oq uy veb-saytida ta’kidlanishicha, bunday cheklovlar Rossiya mudofaa sektorini AQSh harbiy texnologiyalaridan mahrum qilish va «Rossiyani global moliyaviy yakkalatib qo‘yish»ga qaratilgan harakatlar doirasida kiritilmoqda. 

Umuman olganda, 24 fevraldan beri 322 korxona Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani munosabati bilan AQSh Savdo vazirligining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Shu kuni, 2 iyunda AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar ro‘yxati ham yangilandi. Unga 17 nafar rossiyalikning ismi kiritildi, cheklov choralari, xususan, Yevropaning eng boy odamlaridan biri deb topilgan tadbirkor God Nisanovga, tadbirkor va olim Yevgeniy Novitskiy, «Rosgeo» AJ rahbari Sergey Gorkov, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova, violonchelchi Sergey Roldugin, tadbirkor Aleksey Mordashov va uning oila a’zolariga nisbatan qo‘llanildi.

«Prezident Putinning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari BMT nizomida mustahkamlab qo‘yilgan suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga ham hujumdir. Ukraina AQSh va butun dunyo davlatlarining misli ko‘rilmagan yordami bilan o‘z xalqi va mustaqilligini himoya qilish uchun mardonavor kurash olib bormoqda. Qo‘shma Shtatlar Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, shu bilan birga, Rossiya agressiyasiga hissa qo‘shganlarni javobgarlikka tortishga intiladi», — dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken sanksiyalar ro‘yxati to‘ldirilganini izohlab.

Mavzuga oid