15:34 / 06.06.2022
10367

Konstitutsiyaviy islohotlar: kimlar ijtimoiy himoyaga muhtoj?

Iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek Rasulovning fikriga ko‘ra, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ishga joylashtirish, bandligini ta’minlash, jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat hisobidan himoyalash, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga bepul o‘qitish kabi masalalarni davlatning zimmasiga yuklash borasidagi normalarni konstitutsiyaning tegishli moddalariga kiritish – kelajakda albatta O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida shakllanishida asos bo‘ladi.

Dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari oqibatlari konstitutsiyaviy islohotlarning samaradorligiga qarab har bir davlatning hayoti va rivojlanish jarayonlarida o‘z aksini topadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda konstitutsiyaviy sohada olib borilayotgan islohotlar avvalambor amaldagi qonunchilik asoslarini dunyo miqyosida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga, zamon talablariga moslashtirishni talab etmoqda. Chunki, so‘nggi o‘n yilliklarda qaysi mamlakatlarda konstitutsiyaviy o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lsa – shu davlatlarda qonun ustuvorligi ta’minlangani, jamiyatda jamoat nazorati kuchaygani, ijtimoiy adolat tamoyillari samara bergani hamda biznes sub’yektlari uchun iqtisodiy erkinlik sharoitlari kafolatlanganini ko‘rish mumkin. Natijada aholining manfaatlari birinchi o‘ringa chiqqan.

Jamiyatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, globallashuv jarayonlari tezlashishi hamda mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni faollashuvi davlatimizning amaldagi konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish lozimligini hayotiy zaruriyatga aylantirdi. Chunki 2017-2021 yillar mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish jarayonida aholini ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda amaldagi qonunchiligimizda bir qancha bo‘shliqlar mavjudligi amaliyotda o‘z aksini topdi.

Mazkur bo‘shliqlarni to‘ldirish, qonunchiligimizni takomillashtirish orqaligina Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish mumkinligi zaruratga aylandi. Ayniqsa, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan va mantiqiy ketma-ketlikda amalga oshirilayotgan ishlar birinchi navbatda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani, inson manfaatlariga to‘liq javob berish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini himoya qilish nuqtayi nazardan amaldagi Konstitutsiyaga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda. Chunki, bu yerdagi eng asosiy muammolardan biri – aholining ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq ekanligidir.

Buning asosiy sabablaridan biri – dunyoda kechayotgan global muammolar ko‘lami, turi va uni keltirib chiqarayotgan salbiy oqibatlari kengayib borayotgani hisoblanadi. Bularga yer yuzining turli burchaklarida bo‘layotgan urushlar, terrorchilik harakatlari, ekologik inqirozlar, ocharchilik, qashshoqlik, aholi soni o‘sishi, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika taqchilligi, turli yuqumli kasalliklar ko‘payishi kabi muammolarni misol qilib keltirish mumkin.

Sanab o‘tilgan muammolarning kengayishi aholining ijtimoiy holati yomonlashuvi hamda kambag‘allik ko‘payishiga olib keladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoya bilan bog‘liq muammolarni hal etish birinchi navbatda aholini ijtimoiy va moddiy jihatdan muhofaza qilishni ta’minlaydigan, ikkinchidan, ularning yoshi, salomatligi, ijtimoiy ahvoli, tirikchilik vositalari bilan yetarli darajada ta’minlaydigan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini zaruriyatga aylantirmoqda.

Rivojlangan demokratik mamlakatlarda aholini ijtimoiy himoya qilish  vazifalarini davlat to‘laligicha o‘z zimmasiga olgan. Ushbu masala O‘zbekistonda ham so‘nggi 4-5 yilda ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Biroq, amaldagi Konstitutsiyada aholini ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq huquqiy normalar aniq ochib berilmagani bu jarayon yanada faollashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Fikrimiz tasdig‘i sifatida amaldagi Konstitutsiyaning «Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar» bobining 37-moddasida «Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir», deb yozib qo‘yilgan. Bu modda umumiy xarakterda bo‘lib, juda ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, davlat qanday toifadagi aholini qaysi vositalar bilan qaysi vazifalari orqali himoya qilishi aniq ochib berilmagan. Shuning uchun hozirgi sharoitdan kelib chiqib, konstitutsiyada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama himoya qilishda davlatning vazifalarini belgilab berish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganlar qatoriga «Temir daftar»dagi 7 toifaga mansub fuqarolarni kiritish mumkin:

  • kam ta’minlangan;
  • nogironligi bo‘lgan;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar;
  • yakka-yolg‘iz keksalar;
  • doimiy ishsiz fuqarolar;
  • karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar;
  • og‘ir epidemiologik hududlardan qaytarib kelingan fuqarolar.

O‘zbekistonda ijtimoiy yordamga muhtoj aholini davlat tomonidan himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, so‘nggi yillarda yurtimizda e’tiborga muhtoj aholimiz qatlamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim va mexanizmlar joriy etildi. Ushbu tizimga muvofiq, Mehribonlik uylaridagi 1,5 mingga yaqin bolalar oilalar tarbiyasiga olindi, 116 ta Oilaviy mehribonlik uyi tashkil qilinib, 700 ga yaqin o‘g‘il-qizlar ota-ona bag‘rida voyaga yetishi uchun sharoit yaratildi. O‘tgan yili 757 nafar ko‘ngli yarim bola uy-joy bilan ta’minlandi. Davlat hisobidan 4 mingdan ziyod bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkazildi.

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami ham kengaydi. Jumladan, o‘tgan yili 42 mingga yaqin kishiga reabilitatsiya va protez-ortopediya moslamalari olib berildi. Eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan 555 nafar bola koxlear implanti bilan ta’minlandi. 4 ming nafar ko‘zi ojiz bolaga Brayl alifbosi tarqatildi. Ushbu sa’y-harakatlar negizida aholining dardiga darmon bo‘lish, kelajakka bo‘lgan umidini yanada oshirish, ular yolg‘iz emasliklarini yana bir bor amalda ko‘rsatib qo‘yish hisoblanadi.

Hozirgi sharoitdan kelib chiqib, konstitutsiyaning tegishli moddalariga aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ishga joylashtirish, jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat hisobidan himoyalash, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga bepul o‘qitish majburiyatlarini davlat zimmasiga yuklash borasidagi normalarni kiritish kelajakda albatta O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida shakllanishiga yordam beradi degan umiddamiz.

Top