21:30 / 06.06.2022
52289

Nest One'dagi namoyish, narxi osmon uylar, biznes va oila - Murod Nazarov bilan katta intervyu

5 may – qurilishi to‘la yakunlanmagan Nest One majmuasida yong‘in. 15 may qariyb 250 metr balandlikda pishirilgan “toshkentcha-samarqandcha” miks palov. 17 may – maoshi kechikkan Nest One qurilishi ishchilari ko‘targan norozilik namoyishi.

Bu – o‘zbekistonlik tadbirkor Murod Nazarov va uning Nest One qurilish kompaniyasi atrofida so‘nggi vaqtlarda sodir bo‘lgan voqealar.

Kun.uz muxbiri tadbirkor bilan kompaniya atrofidagi ushbu voqealar, biznes, oila, O‘zbekistonda xavfi ortayotgan oligarxiya, korrupsiya, ishsizlik, soliq va boshqa mavzularda katta intervyu uyushtirdi.

— Murod aka, o‘zbekda bir odat bor. Qurilish qilayotgan kishinikiga “horma”ga o‘tiladi. Biz ham “horma”ga o‘z savollarimiz bilan kelaverdik. Xo‘sh, nima quryapsiz o‘zi?

— Nest One –“Murad Buildings” hamda Turkiyaning “O‘zguven” kompaniyasi hamkorligida qurilayotgan inshoot. Nest One O‘zbekistondagi eng baland, osmono‘par bino. U – nafaqat yurt, balki butun xalqimiz uchun o‘zgacha chaqiriq, oson bo‘lmagan chiroyli loyiha.

— Murod aka, siz bilan kompaniyangiz ishchilari maoshi kechikkani sababli norozilik namoyishiga chiqqan 17 may kuni gaplashgan edik. O‘shanda siz bu voqealarni kimdir uyushtirayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgandingiz. Xo‘sh, chindan ishchilarni kimdir ko‘chaga olib chiqqanmikan yo taxmin o‘zini oqlamadimi?

— O‘sha kuni nima, qanday bo‘lganini o‘zimiz ham tushunmay qoldik. Bunday hodisa bo‘lishiga hayron ham qoldik. Shov-shuv bo‘lib ketgach, hududga o‘zim ham yetib keldim. Obektning yoniga kelgach, hammayoq tinchligini ko‘rib: “Nima uchun bunaqa shov-shuv qilyapsizlar?” dedim.

Ayrimlarning aytishi bo‘yicha, voqeadan ikki kun oldin tomning ustida qilgan oshimiz sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki bu jarayonga hamma mehmonlarni ham chaqirolmadik. Chunki bu hali bitmagan bino va uning ustiga hammani ham olib chiqishning imkoni yo‘q.

Shuning uchun bu shov-shuvni tarqatganlarga nisbatan: “Vahima qilmanglar oshga chaqirmagan bo‘lsam”, degan ma’noda gapirgan edim. O‘shanda siz bilan ham gaplashganimda, voqea nega yuz bergani va shov-shuv bo‘lib ketganini bildirgandim. Nima uchun xodimlar ko‘chaga namoyish qilib chiqishdi, bizda bunaqa muammolar avval yo‘q edi. Balki uyushtirilganmikan, deb shoshilinch aytib o‘tildi, lekin mana, 10 kunlik surishtiruv natijasidan bildikki, yo‘q, buni hech kim uyushtirmagan. Voqeaning obektiv sabablari bor.

Fikrimcha, bo‘lgan voqealardan faqat xulosa chiqarib, hushyorroq bo‘lishimiz kerak.

— Tasavvurimizda bugun Toshkentda juda ko‘p turar joylar qurilmoqda. Ularning hammasiga ham xaridor bormi? Nega bu savolni beryapman: bugun Toshkentdagi uylar narxi aholining o‘rtacha daromadlariga shunchalik nomutanosibki, sizlar qurayotgan uylarni puldor olmasa, boshqasi ololmaydi-da.

— Bilasizmi, aslida butun dunyoda ham uyli bo‘lish oson emas. Sovet paytida ham xodimlar umri davomida uy olish uchun pul yig‘ishgan. Yoki bo‘lmasa, dalalarda joy bo‘lsa, o‘zi borib qurib olgan.

Uy olish – faqat bizda emas, chet davlatlarida ham oson bo‘lmagan narsa. Agar kimdir uy sotib ololsa, juda xursand bo‘ladi, bu bilan maqtanadi. “Ipoteka krediti bilan oldim” deydi. Ha, to‘g‘ri, ipoteka bozori bizda sekin-sekin rivojlanyapti. Avval u umuman yo‘q edi, hozir esa ozgina bor. 17 foizli ipoteka kreditlarimiz bor. Boshqa davlatlarda biznikiga o‘xshab 10-15 yil emas, 20-30 yilga beriladi. Biz ham sekin-asta shu jarayonga yetib kelyapmiz.

Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham o‘ziga yarasha boy qatlamlar borki, ular bittadan ortiq uy olish imkoniyatiga ega. Bu tabiiy.

Albatta, “Hozir uylaringizni kim olyapti?” deb so‘rashingiz mumkin. Ochiq aytaman, kompaniyamiz qurayotgan uylarning aksar xaridorlari – tadbirkorlar. Ularning aksariyati – maoshi yuqori menejyer xodimlar, biznes egalari yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar. Chunki biz uylarni biznes va “premium segment” uchun quramiz. Lekin komfort, standart yoki ijtimoiy uylar qurayotgan boshqa kompaniyalar ham bor. Va ular ko‘proq. Uy-joy biznesida piramida bor: pastdan keng bo‘lgani arzon hisoblanadi, narxi qimmatlashgan sari uylar yuqoriga qarab kamayib boraveradi.

O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 50 mingta xonadon sotilsa, shuning 5 foizi premium, 10 foizini biznes qatlam, qolgan 85 foizini komfort va standart qatlam, ya’ni ijtimoiy uylar tashkil qiladi. Biz bu qatlamga kirmaganmiz, lekin bu yerda, masalan, chiroyli loyihalardan “Yangi Choshtepa”, Yunusobodda “Manzara” degan loyihalar bor. Standart-klass oddiy uylar, narxlari ham hamyonbop. 1 kvadrat metrga, bilishimcha, 6-7 mln so‘m. Bunday uylar ko‘p qurilmoqda. O‘zimizning xalqimiz olyapti, kreditga olishmoqda.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid
Top