Rossiya Hisob palatasi davlat tashqi qarzi hajmini ma’lum qildi
Rossiya Federatsiyasining chet el valutasida xizmat ko‘rsatishdan bosh tortishi tufayli Rossiyaning davlat tashqi qarzi o‘sishda davom etmoqda. Rossiya Hisob palatasining hisobotiga ko‘ra, u dollarda kamaydi, lekin rublda ko‘paydi.
Rossiya Hisob palatasi «Rossiyaning xorijiy valutadagi davlat tashqi qarzi 2,6 milliard dollarga kamaygani» haqida xabar berdi. 7 iyun, seshanba kuni e’lon qilingan tezkor hisobotga ko‘ra, 1 aprel holatiga davlat tashqi qarzi 57 143,2 million dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, hujjatdan ko‘rinib turibdiki, rublda davlat tashqi qarzi 369,5 milliard rublga, ya’ni qariyb 6 milliard dollarga oshgan. Shunday qilib, haqiqatda Rossiyaning davlat tashqi qarzi kamaymagan, balki 8,3 foizga oshgan.
Hisobotda, shuningdek, «jahon narxlarining o‘sishi, rublning zaiflashishi va shoshilinch talab fonida» Rossiyada mart oyida inflatsiya yillik ko‘rsatkichlarda 16,7 foizgacha tezlashgani ta’kidlangan. Shu bilan birga, aholi ixtiyoridagi real pul daromadlari 1,2 foizga kamaydi. Bundan tashqari, «uzoq vaqt ichida birinchi marta migratsiyaning tashqiga chiqib ketishi oqimi kuzatildi» – idora ma’lumotlariga ko‘ra, ikki oy ichida Rossiyani 41,8 ming kishi tark etgan.
Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi ortidan kiritilgan sanksiyalar g‘arb investorlarining Rossiya Moliya vazirligi, Markaziy banki yoki Milliy farovonlik jamg‘armasi bilan aloqalarini to‘xtatib qo‘ydi. Mart oyi boshida AQSh Moliya vazirligi «qarzlar bilan bog‘liq foizlar, dividendlar yoki to‘lovlarni olish» uchun sanksiyalarni istisno etuvchi vaqtinchalik litsenziya berdi. Bu Moliya vazirligiga investorlarga to‘lovni davom ettirish va davlat qarzi bo‘yicha defoltning oldini olish imkonini berdi.
May oyi oxirida AQSh Moliya vazirligi Rossiya davlat qarziga xizmat ko‘rsatish litsenziyasi muddatini uzaytirmadi. Shundan so‘ng, Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya uchun ehtimoliy defolt bo‘yicha 30 kunlik muddat boshlandi, sababi 27 may kuni kechqurun Rossiya yevroobligatsiyalari egalari kupon to‘lovlari sifatida deyarli 100 million dollar ololmadi. Rossiya zarur mablag‘larni Milliy hisob-kitob depozitariysidagi hisobraqamiga kiritganini ta’kidladi, bu esa u o‘z majburiyatlarini bajarganini anglatadi, deb tushuntirdi Bloomberg. Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov Rossiya davlat qarziga rublda xizmat ko‘rsatishda davom etishini aytdi.
Agar investorlar bir oy ichida pulni ololmasa, Rossiyaning tashqi qarzi bo‘yicha defolt yuzaga keladi - 1918 yildan beri birinchi marta, o‘shanda bolsheviklar chor tuzumi qarzlarini to‘lashdan bosh tortgandi.
Mavzuga oid
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
17:21 / 29.10.2024
2025 yilda O‘zbekiston 5,5 mlrd dollargacha tashqi qarz olishi mumkin
17:43 / 18.10.2024
“Qarz olinganiga yarasha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror bo‘lishi lozim” - Jahon banki katta iqtisodchisi
15:54 / 16.10.2024