Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: Ukrainaning Yevropa ittifoqiga a’zoligi masalasi Yevropa kelajagini hal qiladi
Yevropa ittifoqi yaqin haftalarda Ukraina uchun nomzodlik maqomi bo‘yicha qaror qabul qiladi, dedi Zelenskiy. Bu nafaqat Ukraina taqdirini, balki «butun Yevropa loyihasi»ni hal qiladi, dedi u.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqin haftalarda uning mamlakati uchun YeI a’zoligiga nomzod maqomi masalasi hal qilinishini kutmoqda. Bu haqda davlat rahbari 6 iyun, dushanba kuni o‘zining kunlik videomurojaatida ma’lum qildi.
«Men ishonamanki, bu nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa loyihasi – uning haqiqatan ham kuchli ittifoq sifatida kelajagi bor-yo‘qligi haqidagi qaror bo‘ladi», — dedi Zelenskiy. Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u polshalik hamkasbi Anjyey Duda bilan Ukraina uchun YeIga nomzodlik maqomi masalasini muhokama qilgan.
Yevrokomissiya iyun oyida Rossiya tomonidan hujumga uchragan Ukraina uchun YeIga nomzodlik maqomi haqidagi arizani ko‘rib chiqmoqchi. Germaniya federal hukumati hali bu masalada ma’lum bir pozitsiyani egallagani yo‘q. Biroq Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun «qisqa yo‘l» yo‘qligini va Ukrainaning Yevropa ittifoqiga qo‘shilishi uzoq yillarga cho‘zilib ketishi mumkinligini aytdi.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa ittifoqiga kirishga intilayotgan, Bryussel bilan yaqinroq aloqada bo‘lishdan manfaatdor yoki Yevropa ittifoqi qadriyatlariga sodiq bo‘lgan mamlakatlardan iborat yangi turdagi Yevropa siyosiy hamjamiyatini yaratishni taklif qilgan edi. Bunday davlatga misol sifatida u, xususan, Moldovani ko‘rsatdi.
Ushbu tashabbusni Avstriya kansleri Karl Nexammer qo‘llab-quvvatladi. «Biz Yevropa ittifoqi bilan hamkorlikni bosqichma-bosqich mustahkamlash va Yevropa standartlariga yaxshiroq moslashish imkonini beradigan Yevropa tayyorgarlik makonini yaratishimiz kerak», — dedi u. Nexammerning fikricha, Ukrainaning Yevropa ittifoqiga a’zoligi haqidagi bahslardan his-tuyg‘ularni olib tashlash kerak va Kiyevning hamjamiyatga tezda kirishi «real narsa emas».
28 fevral kuni Volodimir Zelenskiy Ukrainaga YeIga a’zolik maqomini taqdim etishga qaratilgan arizani imzoladi. Fransiya prezidenti Makron bu harakatga quyidagicha munosabat bildirdi: «Menimcha, hozirgi vaqtda Ukraina va ukrainaliklarga kuchli signal berishimiz kerak. Lekin ehtiyot bo‘lish lozim. Urush holatidagi davlat uchun qo‘shilish jarayonini ochish mumkinmi? Men bunday deb o‘ylamayman. Eshiklarni yopib, «Hech qachon» deyish kerakmi? Bu adolatdan bo‘lmaydi».
Mavzuga oid
10:30
Jurnalistlar: Ukraina urushida kamida 227 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan
16:13 / 22.06.2026
Ukraina Voronejdagi mudofaa zavodiga hujum qildi – fotolar
10:35 / 22.06.2026
Ukraina Germaniya ishlab chiqarayotgan 600 ta raketaga buyurtma berdi
21:23 / 21.06.2026