Jahon | 09:14 / 10.06.2022
5299
4 daqiqa o‘qiladi

Berlin, London va Parij Eronni «yadroviy eskalatsiyani to‘xtatish»ga chaqirdi 

Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiyaning qo‘shma bayonotida eslatib o‘tilishicha, Eronni qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga va AQShni yadroviy bitimda ishtirok etishga qaytarishga qodir kelishuv 2022 yil martidan beri muhokama qilinmoqda.

Foto: Alfred Yaghobzadeh / Salampix

Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya 9 iyun, payshanba kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotda Eronni MAGATE bilan to‘liq hamkorlikni tiklashga va uning yadroviy dasturi bilan bog‘liq barcha monitoring hamda tekshiruv choralarini amalga oshirishga chaqirdi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2022 yil martidan beri «Eronni qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (QHR) bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga, AQShni esa kelishuvga qaytarishga olib keladigan» bitim muhokama qilinmoqda.

«Biz Eron diplomatik imkoniyatdan foydalana olmaganidan afsusdamiz. Buni hoziroq qilishga undaymiz. Biz kelishuvga tayyormiz», deb ta’kidlanadi Berlin, Parij va London bayonotida.

«Biz Eronni qo‘shimcha protokolni qo‘llashni va QHR bilan bog‘liq barcha monitoring hamda tekshiruv choralarini qayta boshlashga, yadroviy eskalatsiyani to‘xtatishga va QHRni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvni zudlik bilan qabul qilishga chaqiramiz», — deyiladi hujjatda.

O‘z navbatida, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham 9 iyun kuni Tehron MAGATEning Eron yadro dasturi bo‘yicha xavotirlariga munosib javob bera olmaganini ta’kidladi. Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Eronning harakatlari QHRni qayta tiklashni qiyinlashtiradi. Shu bilan birga, Blinken AQSh QHRni tiklash vazifasiga sodiqligini va «Tehronga diplomatiya va deeskalatsiya yo‘lini tanlashga majburlash uchun bosim o‘tkazishga» tayyorligini ta’kidladi. 

8 iyun kuni MAGATE boshqaruvchilar kengashi Tehronni yadroviy dasturi haqidagi ma’lumotlarni yetarlicha oshkor etmagani uchun tanqid qiluvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Kengashning 30 a’zosi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi, Rossiya va Xitoy esa qarshi ovoz berdi. Hindiston, Liviya va Pokiston betaraf qoldi. 

Shundan so‘ng, MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Eron hukumati Eron yadroviy inshootlarini kuzatishda foydalaniladigan 27 ta agentlik kameralarini demontaj qilishni boshlaganini aytdi. 

2015 yilda Eron, AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan imzolangan qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasida Tehron ilgari AQSh va Yevropa ittifoqi tomonidan o‘rnatilgan sanksiyalarni bekor qilish evaziga yadroviy dasturni cheklash bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rishi nazarda tutilgandi. AQSh 2018 yil may oyida kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketdi, shundan so‘ng Tehron QHR bo‘yicha majburiyatlarning bir qismini bajarishdan bosh tortdi. Vashington bunga javoban Tehronga nisbatan cheklov choralarini kuchaytirdi. 

QHR shartlarini bajarishga qaytish bo‘yicha muzokaralar aprel oyida Venada boshlandi, biroq G‘arb bilan munosabatlarda qattiqqo‘l bo‘lgan Ibrohim Raisiy Eron prezidenti etib saylanganidan keyin to‘xtab qoldi. Ayni paytda Tehron boyitilgan uran zaxiralarini QHRda nazarda tutilganidan ko‘proq darajada oshirishda davom etmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid