O‘zbekiston yoshlari ulkan iroda namoyish etgan «tosh jangi»dan fotoreportaj
Kecha, 11 iyun sanasida U23 Osiyo Kubogining chorakfinal bahslari start oldi.
O‘zbekiston olimpiya jamoasi Iroq yoshlariga qarshi «Paxtakor» stadionida bahs olib bordi. Uchrashuv Temur Kapadze jamoasi uchun kutilmagan yo‘qotish bilan boshlandi. 13-daqiqada Abduvohid Ne’matov umuman kerak bo‘lmagan joyda raqibga nisbatan agressiv harakat qilib, tirsak bilan zarba berdi va bosh hakam VAR orqali vaziyatni ko‘rib chiqqach uni maydondan chetlatdi. Bundan tashqari, darvozamizga penalti belgilandi. Hujumkor yarimhimoyachi Diyor Xolmatov maydonni tark etdi va uning o‘rniga darvozabon Vladimir Nazarov maydonga tushdi. Afsuski, penaltini Ramazon Jum’a golga aylantirdi.
O‘z navbatida aytib o‘tish kerakki, qizil kartochka va penaltidan norozi bo‘lgan muxlislar maydonga tribuna sementidan qo‘porib olingan toshlarni uloqtira boshlashdi. Bu toshlar futbolchilarga zarar yetkazmagan bo‘lsa-da, teletranslatsiya bilan shug‘ullanayotgan bir nafar operator va o‘zbekistonlik fotograflardan biriga tan jarohati yetkazdi.
O‘zbekiston U23 futbolchilari muxlislardan toshlar uloqtirishni to‘xtatishni va yaxshiroq muxlislik qilishni so‘radi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashidan kuchga to‘lgan olimpiya jamoamiz bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, Iroqni o‘z yarimmaydoniga qamab qo‘ydi va tinimsiz hujumlarni yog‘dira boshladi.
Hakam tomonidan birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda raqib himoyachilari Hojimat Erkinovni jarima maydonchasi ichida yiqitdi va bosh hakam bu gal O‘zbekiston foydasiga penalti belgiladi. 11 metrlik jarima zarbasini Jasur Jaloliddinov sovuqqonlik bilan amalga oshirdi va hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi taymga O‘zbekiston yoshlari yana o‘sha jangovar tempda tushib kelishdi. 50-daqiqada Husayn Ammor o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi va «oq bo‘rilar» hisobda oldinga chiqib olishdi. Shundan so‘ng, iroqliklar hujumlarni ko‘paytirishdi. O‘zbekiston esa, asosan, qarshi hujumlarda o‘z omadini izladi. 68-daqiqada Falih Ammorning chap qanotdan tepgan to‘pi kutilmaganda darvozamizdan joy oldi. Buni darvozabon Vladimir Nazarovning joy tanlashdagi xatosi bo‘ldi, deyish mumkin.
Hisob tenglashgach, har ikkala jamoa ham nisbatan ehtiyotkor tarzda harakat qilishdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham o‘yin ssenariysi o‘zgarmadi. Natijada, 2:2 hisobi uchrashuvning 120-daqiqasi yakunlangunicha o‘zgarmadi va jamoalar g‘olibni penaltilar seriyasida aniqlaydigan bo‘lishdi.
Dastlab, Merchas Doski va Otabek Jo‘raqo‘ziyev bittadan penaltini golga aylantirishdi. Ikkinchi penaltini iroqliklardan Ahmad Naim aniq amalga oshirgan bo‘lsa, bizning jamoadan Muhammadqodir Hamraliyev zarbada adashdi. 3-penalti uchun yaqinlashgan Ramazon Juma bu gal darvoza ustunini poylab qo‘ydi va o‘z imkoniyatini golga aylantira olmadi. Abbos Fayzullayev esa penaltisidan gol urib, muvozanatni tikladi. 4-urinish uchun 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Moamil Ogailining zarbasini Vladimir Nazarov qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Abdurauf Bo‘riyev esa adashmadi va O‘zbekistonni hisobda oldinga olib chiqdi. So‘nggi, hal qiluvchi zarbani berish uchun nuqtaga yaqinlashgan Hasan Abdulkarimning tepgan to‘pi darvoza ustidan o‘tib ketdi va O‘zbekiston yarimfinal ishtirokchisiga aylandi.
Ma’lumot uchun, vakillarimiz keyingi bosqichda Yaponiya — Janubiy Koreya bahsi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Quyida ushbu emotsional uchrashuvdan fotoreportajni tomosha qilishingiz mumkin.
Suratlar muallifi — Muhammadjon G‘aniyev.
Mavzuga oid
18:34 / 03.07.2024
O‘zbekiston U23 jamoasining Parij Olimpiadasi uchun kengaytirilgan tarkibi e’lon qilindi
00:12 / 04.05.2024
Parij-2024. O‘zbekiston guruh bosqichini Ispaniyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi
22:43 / 03.05.2024
Osiyo kubogi U23. O‘zbekiston finalda Yaponiyaga mag‘lub bo‘lib, ketma-ket ikkinchi marta qit’ada ikkinchi o‘rinni egalladi
16:30 / 30.04.2024