O‘zbekiston | 11:31 / 14.06.2022
11208
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda joriy yil 5 oyda o‘qituvchilar va o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ma’lum qilindi

O‘quvchilar va o‘qituvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning bir nechtasi qotillik bilan yakun topgan.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat hokimligida ta’lim dargohlarining faoliyati yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishda, maktablardagi holatlar batafsil tahlil etilgan va kamchiliklar aytib o‘tilgan.

Jumladan, maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari ishtirokida sodir etilayotgan jinoyatlar soni 2022 yilda oshgani ma’lum qilingan.

Maktablarda ta’lim sifatining pastligi, o‘quvchilar davomati va xulq-atvori nazorat qilinmasligi oqibatida maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 taga yoki 60 foizga oshgan. 2021 yilning dastlabki 5 oyida o‘quvchilar tomonidan 27 ta huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 43 taga oshgan.

Tahlillarga ko‘ra, o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 2 tasi (Qarshi shahrida va Dehqonobod tumanida), o‘lim bilan yakun topgan.

Jumladan, Qarshi shahar 27-sonli o‘rta maktabning 11-sinf o‘quvchisi Qarshi shahar “Komilon” MFY Buloq ko‘chasi 35-uyda yashagan fuqaroni qasddan o‘ldirib, o‘zining jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida, marhumning turmush o‘rtog‘i, onasini ham bosh qismiga urgan, so‘ngra uning Nexia-3 mashinasini olib voqea joyidan yashiringan.

Bundan tashqari, 2022 yil 5 oyida Qashqadaryoda 29 nafar o‘qituvchi tomonidan jinoyat sodir etilgan.

Jinoyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda:

  • 1 ta qotillik (Shahrisabz shahar 30-maktab o‘qituvchisi);
  • 2 ta o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish (Qarshi shahar 20-maktab) ;
  • 2 ta yengil tan jarohati yetkazish;
  • 1 ta nomusga tegish (Qamashi tumani);
  • 2 ta o‘g‘rilik (Chiroqchi tumani);
  • 1 ta bezorilik (Qamashi tumani) ekani ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, bir nechta holatda tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va maktab mutasaddilari korrupsion holatlarda qo‘lga olingan.

Xususan, Koson tumani XTB mudiri S.D., Qarshi shahar XTB metodisti Q.D. jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2022 yil 4 mart kuni Koson tuman XTB tasarrufidagi 55-maktab direktori M.B. fuqaro Sh.X.ni ushbu maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi lavozimiga ishga olish evaziga undan 400 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan vaqtda ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid