Jahon | 12:50 / 16.06.2022
14720
6 daqiqa o‘qiladi

OAV Ukraina tomonida jang qilgan AQSh fuqarolari asirga olingani haqida xabar tarqatdi 

Xarkov yaqinidagi janglarda rus harbiylari Ukraina tomonida jang qilgan ikki amerikalikni asirga olgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Ukraina tomonida jang qilgan AQSh fuqarolari Aleksandr Dryuke va Endi Hyuyn rus askarlari tomonidan asirga olingan bo‘lishi mumkin. Bu haqda 15 iyun, chorshanba kuni The Telegraph nashri va SNN telekanali amerikaliklarning hamkasblari va yaqinlariga tayanib xabar berdi.

The Telegraph manbalariga ko‘ra, Dryuke va Hyuyn iyun oyi boshida, Xarkov shimoli-sharqidagi Izbitskoye qishlog‘ida jang qilayotganda katta qiyinchiliklarga duch kelganidan keyin asirga olingan bo‘lishi mumkin.

«Hamma tanklardan biri tankka qarshi minada portlab ketishini kutib panaga qochdi, lekin Aleks va Endi o‘rmon bo‘ylab boshqa tomondan kelayotgan piyodalar jangovar mashinasini ko‘rishdi va u ko‘pchilikni o‘ldirishini tushunishdi. Ular birinchi bo‘lib o‘q uzishdi», - deya jangni tasvirlab bergan nashr suhbatdoshlaridan biri. Gazeta manbalariga ko‘ra, javoban uzilgan o‘q amerikaliklarni karaxt qilib qo‘ygan, shundan so‘ng ular asirga tushgan bo‘lishi mumkin. Na qutqaruv guruhi, na uchirilgan dron Dryuke va Hyuynning izini topa olmadi, deya qo‘shimcha qildi ular. Keyinroq harbiylar Rossiya Telegram-kanallaridan birida ikki amerikalikning asirga olingani haqidagi xabarni ko‘rib qolgan.

«Biz yollanma askarlar emasmiz va ba’zi isyonchilarning bir qismi ham emasmiz. Biz Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi ostida xizmat qilamiz. Men bedarak yo‘qolgan o‘rtoqlarim nomidan gapiryapman, chunki ularning g‘oyib bo‘lgani haqida hamma bilishini istayman, shunda Rossiya oliy qo‘mondonligi ham bundan xabar topadi. Umid qilamizki, bu ularning tinchgina o‘ldirib yuborilishi imkoniyatlarini kamaytiradi», - dedi The Telegraph suhbatdoshlari. 

AQSh Davlat departamenti CNN telekanaliga «Ukrainada qo‘lga olingan ikki AQSh fuqarosi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlardan xabardorligini» bildirdi. «Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib boryapmiz va Ukraina rasmiylari bilan aloqadamiz. Maxfiylik nuqtayi nazaridan, bizda hozircha boshqa izoh yo‘q», - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays. 

Oq uy ham OAV xabarlarini hali tasdiqlay olmasligini ma’lum qildi, dedi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi. U «agar bu haqiqat bo‘lsa, biz ularning uylariga xavfsiz qaytishlari uchun hamma narsani qilamiz» dedi. 

«Bu biz amerikaliklarning Ukrainada jang qilishiga qarshi ekanligimizni eslatish uchun muhim vaqt. Agar sizda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ishtiyoqi bo‘lsa, buni amalga oshirishning xavfsizroq va samaraliroq bo‘lgan boshqa ko‘plab usullari mavjud. Ukraina amerikaliklar sayohat qilishlari mumkin bo‘lgan», dedi Kirbi. 

Askarlardan birining onasi CNN telekanaliga AQShning Ukrainadagi elchixonasi uning o‘g‘lining qo‘lga olinganini hali tasdiqlay olmaganini aytdi. Rasmiy ravishda ular bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Iyun oyi boshida «DXR» deb ataluvchi hudud sudi britaniyalik Eyden Aslin va Shon Pinner, shuningdek, marokashlik Brahim Saudunni o‘lim jazosiga hukm qildi. Ular «yollanma askarlar» deb tan olinib, «DXR»da hokimiyatni egallab olish va «konstitutsiyaviy tuzum»ni ag‘darishga qaratilgan harakatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. 

«Jyeneva konvensiyasiga ko‘ra, harbiy asirlar jangovar daxlsizlik huquqiga ega va ular harbiy harakatlarda qatnashgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasligi kerak», - dedi Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning matbuot kotibi. London Ukraina hukumati bilan ularni imkon qadar tezroq ozod qilishga harakat qilmoqda, dedi u. Aslin va Pinner «Ukraina qurolli kuchlari a’zolari sifatida Jyeneva konvensiyasi himoyasi ostida», deya bildirdi Dauning-strit. 

Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass britaniyalik Eyden Aslin va Shon Pinnerga nisbatan chiqarilgan hukmni «qat’iy qoralashini» aytdi va uni mutlaqo noqonuniy deb atadi. 

«DXR»da o‘lim jazosiga hukm qilingan marokashlik Brahim Saudun Ukraina fuqaroligiga ega, demak, unga qarshi yollanma askarlik moddasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilmasligi kerak, dedi yigitning otasi Tahar Saudun.

Erkaklar Ukraina armiyasida rasman xizmat qilgan, shuning uchun ular jangchilar hisoblanadi va shunga ko‘ra qonun bilan himoyalangan, dedi Germaniya Bundestagining Inson huquqlari va insonparvarlik yordami qo‘mitasi raisi Renata Alt. «Barcha jarayonning o‘zi bema’nilik, chunki bo‘linib chiqqan mintaqada mustaqil sud tizimi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu hukmni Rossiya va uning tarafdorlari tomonidan Buyuk Britaniya va Marokashga qarshi shantaj qilishga urinish sifatida talqin qilish mumkin», - deydi u. 

Mavzuga oid