O‘zbekiston | 11:09 / 17.06.2022
9150
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik haydovchilar ilk marotaba Afg‘oniston orqali Pokistonga yuk tashuvlarini amalga oshirdi

O‘zbekistonlik haydovchilar ilk marotaba O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashuvlarini muvaffaqiyatli ravishda bajardi.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Joriy yilning 26-27 mart kunlari Termizda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonning yirik transport-logistika kompaniyalari, Xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi hamda transport va bojxona idoralari vakillari ishtirokida transport masalalari bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhi uchrashuvi tashkil etildi.

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston davlatlari hududi bo‘ylab avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish masalalari yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olingan.

Bildirilishicha, uch tomonlama sa’y-harakatlar natijasida bugun ushbu transport koridori to‘laqonli faoliyat yuritishi, yuklar qisqa fursatda, xavfsiz ravishda belgilangan manziliga yetkazilishi ta’minlanmoqda.

Vazirlik xabarida aytilishicha, o‘zbekistonlik haydovchilar ilk marotaba O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashuvlarini muvaffaqiyatli bajardi.

Toshkent – Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor – Karachi yo‘nalishi bo‘ylab 2760 kilometr yo‘lni bosib o‘tgan o‘zbekistonlik haydovchilar Karachi portidan ortilgan yukni (muzlatilgan go‘sht) bir haftada Toshkentga yetkazib keldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda bir necha yildan buyon tashqi savdoda tovar yetkazib berishning janubiy yo‘nalishlari rolini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Respublika uchun bu dengizga tezroq va arzonroq chiqish hisoblanadi.

Mavzuga oid