Jahon | 08:51 / 19.06.2022
17069
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi Severodonetsk atrofida kichik natijalarga erishgani aytildi

AQShdagi Urushni o‘rganish instituti 18 iyun holatiga ko‘ra Ukrainadagi urush haqida tahlillarini taqdim etdi. Unda aytilishicha, Rossiya armiyasi Severodonetsk atrofida kichik muvaffaqiyatlarga erishgan, ammo boshqa yo‘nalishlarda to‘xtab qolgan.

Foto: NDTV

Ruslar Metelkino qishlog‘ida biroz odimlashga erishgan. Ukraina tomoni ham bu ma’lumotni tasdiqladi. Oldinroq Ramzan Qodirov chechen askarlaridan iborat «Axmat» maxsus bo‘linmasi bu qishloqni o‘z nazoratiga olganini aytgandi. Amerikalik ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu juda kichik odimlash hisoblanadi va ruslarning harakati umumiy olganda juda sust kechmoqda.

Xabarda aytilishicha, ruslar Baxmut – Lisichansk trassasini Ukraina tomoni uchun yopishga intilib, trassada artilleriya zarbalarini berib bormoqda.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, Severodonetsk uchun janglar davom etayotgani, shuningdek, ko‘p askarlar halok bo‘lib, texnikalar yo‘qotilayotgani sabab Rossiya armiyasi boshqa yo‘nalishlarda to‘xtab qolgan. Institut ekspertlarining taxminicha, Rossiya Severodonetskni bir necha hafta ichida qo‘lga olishi mumkin. Faqat frontning ushbu kichik chizig‘ida harbiylar soni va texnika bo‘yicha katta ustunlikka ega bo‘lgani hisobiga.

Ukraina Mudofaa vazirligi razvedkachilari tomonidan yozib olingan rus askarlarining telefon suhbatlarini tahlil qilgan ekspertlar Rossiya armiyasida ruhiy holat va intizom bilan bog‘liq muammo bor degan xulosaga kelib, bu ruslarning oldinga siljishi qiyin bo‘layotganiga sabablardan biri ekanini aytgan.

Mavzuga oid