Jahon | 08:55
1483
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya ichki bozorni ta’minlash uchun “Yevro-3” benziniga ruxsat berdi

Rossiya hukumati 2026 yil oxiriga qadar “Yevro-3” ekologik standartiga javob beradigan benzin va dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish hamda ichki bozorda sotishga ruxsat berdi. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin imzolagan qaror rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Foto: Pavel Bednyakov/AP Photo/picture alliance

“Yevro-3” standarti zamonaviy “Yevro-5”ga nisbatan ancha eski hisoblanadi. Unga muvofiq benzin tarkibida bir kilogrammgacha 150 milligramm, dizel yonilg‘isida esa 350 milligrammgacha oltingugurt bo‘lishi mumkin. Taqqoslash uchun, hozirgi “Yevro-5” standartida bu ko‘rsatkich har ikki turdagi yonilg‘i uchun atigi 10 milligrammni tashkil etadi. Shu bois “Yevro-3” ekologik jihatdan kamroq xavfsiz standart sifatida baholanadi.

Rossiya Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, mazkur qaror ayrim neftni qayta ishlash zavodlariga ushbu standart bo‘yicha yonilg‘i ishlab chiqarish imkonini beradi. Hukumat bu chorani ichki bozorda yonilg‘i ta’minoti izdan chiqishining oldini olish va bozor barqarorligini saqlab qolishga qaratilgan preventiv tadbir sifatida izohlagan.

Shu bilan birga, “Yevro-3” standartidagi benzin va dizel Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining yagona muvofiqlik belgisi bilan markirovka qilinmaydi hamda tashkilotga a’zo boshqa davlatlar hududiga yetkazib berilmaydi. Demak, bunday yonilg‘i faqat Rossiya ichki bozori uchun mo‘ljallangan.

Iyun oyi oxirida Rossiyaning “Kommersant“ nashri hukumat yanada eski — “Yevro-2”, “Yevro-3” va “Yevro-4” standartlaridagi yonilg‘ini ham 2027 yil o‘rtalarigacha ishlab chiqarish va sotishga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan edi. Shuningdek, bunday yonilg‘ini import qilishga oid cheklovlarni bekor qilish ham muhokama qilingan. “Yevro-2” standartidagi benzin savdosi Rossiyada 2013 yildan buyon taqiqlangan.

NEFT Research konsalting kompaniyasining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Dmitriy Prokofevning ta’kidlashicha, past ekologik standartlarga qaytish neft mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ehtiyojni kamaytiradi, eski quvvatlarni ham ishga solish imkonini beradi va ishlab chiqarish jarayonini sezilarli darajada soddalashtiradi. Biroq u zamonaviy avtomobillarning katta qismi uchun “Yevro-2” kabi past sifatli yonilg‘idan foydalanish xavfli bo‘lishi mumkinligini ham qayd etgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada yuzaga kelgan yonilg‘i taqchilligiga asosiy sabablardan biri neftni qayta ishlash zavodlari va yonilg‘i-energetika infratuzilmasiga urush davomida amalga oshirilgan hujumlardir. Ayniqsa, may oyi oxirida Moskvaning yonilg‘i ta’minotining qariyb 40 foizini ta’minlab kelgan “Kapotnya“ neftni qayta ishlash zavodi bir hafta ichida ikki marta zarbaga uchrab, 2026 yil oxiri yoki 2027 yil boshigacha ishdan chiqqan.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 25 foizga kamayib, sutkasiga 85 ming tonnaga tushgan. Shu bilan birga, yozgi mavsumda ichki talab kuniga taxminan 110 ming tonnani tashkil etmoqda.

RBK hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning 40 dan ortiq hududida yonilg‘i savdosiga rasman cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatning jami 85 sub’yektidan benzin ta’minotida uzilishlar haqida shikoyatlar kelib tushgan. Kpler tahlil agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch oy davomida benzin zaxiralari bir necha yuz ming tonnaga qisqargan. Yonilg‘i tanqisligi mavjudligini Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham tan olgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid