O‘zbekiston | 07:24 / 21.06.2022
9950
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov Minskka bordi

20 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Yevrosiyo hukumatlararo kengashi majlisida ishtirok etish uchun Minsk shahriga keldi.

Foto: Belta.by

Abdulla Aripovni aeroportda Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko kutib oldi, deya xabar beradi BelTA.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro aloqalar salohiyatini ochishdan manfaatdorlik bildirdilar.

«Deyarli barcha sohalarda ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Bu, ayniqsa, mamlakatimiz uchun murakkab davrda juda muhim. Belarus jamoaviy G‘arb tomonidan siyosiy va iqtisodiy bosim nishoniga aylandi. Biz bu chaqiriqlarni, jumladan, barqaror savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirayotgan an’anaviy hamkorlarimiz ko‘magiga tayanib, yengib chiqyapmiz. O‘zbekistonning bunday vaziyatda do‘stona, sheriklik yondashuvini yuqori baholaymiz va to‘laqonli hamkorlikni saqlab qolish va rivojlantirish bo‘yicha aniq yo‘nalishni ko‘ryapmiz», — dedi Roman Golovchenko. 

Bundan tashqari, Roman Golovchenko hamkorlik loyihalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

«Bu MTZ traktorlari, MAZ avtomashinalari asosidagi maxsus texnika hamda qutqaruv, karer texnikasi ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga ham tegishli», — dedi u. 

Keyinroq Belarus, Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari Roman Golovchenko, Mixail Mishustin va Abdulla Aripov «Amkodor»ga tashrif buyurgani ma’lum bo‘ldi. Bosh vazirlar korxona faoliyati bilan tanishib, sanoat sohasida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi. 

Hukumat rahbarlarining «Amkodor»ga tashrifi kecha Minskda ochilgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishiga to‘g‘ri keldi. Bosh vazirlar YeOIIda tovarlarni identifikatsiyalash orqali markalashni joriy etish, ustuvor va yuqori texnologiyali tarmoqlarda hamkorlik va import o‘rnini bosish bo‘yicha komissiya tuzish hamda transchegaraviy raqobat holatini muhokama qiladi. Bundan tashqari, transport infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish, elektron tijorat, bojxona hamkorligi masalalari ham kun tartibida.

Mavzuga oid