Rossiyaning «Eskalator» kompaniyasi vakili Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligidagi korxona qariyb 20 yillik qarzdorlikni to‘lab bermayotgani yuzasidan Kun.uz’ga murojaat qildi. Tahririyat murojaat bo‘yicha kichik surishtiruv olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1998 yil Rossiyaning «Eskalator» YoAJ va Qurilayotgan metropoliten liniyasi direksiyasi o‘rtasida eskalator uskunalari yetkazib berish bo‘yicha jami 9,1 mln dollarlik shartnoma imzolangan. Rossiya kompaniyasi tomonidan shartnoma asosida jami 11 to‘plam (komplekt) eskalator uskunalari va ularning ehtiyot qismlari yetkazib berilgan hamda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.

2001-2005-yillar davomida Toshkent shahar hokimligining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 6,5 mln dollar miqdorida to‘lovlar amalga oshirilgan. 2,6 mln dollar qarzdorlik esa bugungi kungacha to‘lanmagan.
Ushbu qarzdorlikni yopish maqsadida 2002 yil 2 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, maqsadli yo‘nalish belgilab berilgan. Biroq shunda ham hokimlik qarzdorlikni yopmagan.

O‘tgan vaqt mobaynida Rossiya kompaniyasi bilan shartnoma qilgan tashkilot – Qurilayotgan metropoliten liniyasi direksiyasi bir necha marta qayta tashkil etilgan. Xususan, 2016 yil «Toshkent Texnotrans Locistik» DUK sifatida tashkil qilingan, uning yagona ta’sischisi 100 foizlik ulush bilan Toshkent shahar hokimligi hisoblanadi.

2018 yil Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudi ishni ko‘rib chiqib, mavjud qarzdorlikni «Toshkent Texnotrans Locistik» DUK hisobidan «Eskalator» kompaniyasi foydasiga undirish haqida qaror chiqargan. Ushbu sud ishida nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida qatnashgan Toshkent shahar hokimligiga qarzni qoplashda yordam ko‘rsatilishi lozimligi belgilangan.
Shu tariqa, sud qaroriga muvofiq ijro varaqasi chiqarilib, MIBning Shayxontohur tumani bo‘limiga yuborilgan. Ammo MIB tomonidan «Toshkent Texnotrans Locistik» DUK 2,6 mln dollarlik qarzni qaytarish uchun yetarli mablag‘ yoki mulkka ega emasligi aniqlangan. 2021 yil 2 mart kuni MIB «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi



















