Kremenchugdagi savdo markaziga raketa uchib keldi. Bu yerda mingdan ortiq kishi bo‘lgan
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya armiyasi Poltava oblastidagi Kremenchug shahri markazida joylashgan savdo markaziga raketa zarbasi berganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtda markazda mingdan ortiq kishi bo‘lgan.
Rossiyalik harbiylar Poltava oblastidagi Kremenchug shahri markazida joylashgan savdo markaziga raketa zarbasi yo‘lladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtda markazda mingdan ortiq kishi bo‘lgan. «Savdo markazi yonmoqda, qutqaruvchilar yong‘inni o‘chirish ishlarini olib borishmoqda, qurbonlar sonini hatto tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. Rossiya armiyasi uchun bu yerdan hech qanday xavf yo‘q edi. Hech qanday strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan. Shunchaki odamlarning normal hayot kechirishga urinishi bosqinchilarni qattiq g‘azablantiradi», — deya izohlagan bu hujumni Volodimir Zelenskiy.
Qurbonlar soni aniq emas. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarba oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani va kamida 50 kishi yaralangani tasdiqlangan, 40 nafarga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Qutqaruv amaliyoti davom etmoqda, savdo markazidagi yong‘inni o‘chirish ishlariga Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmatining 115 nafar o‘t o‘chiruvchisi va 20 mashinasi jalb qilingan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Kremenchugdagi savdo markaziga berilgan zarbaga munosabat bildirar ekan, Rossiyani terrorizmni qo‘llovchi davlat sifatida tan olish kerakligini aytgan. «Kremenchug. Odamlar gavjum joy, odatiy kun. Rossiyaliklar raketa bilan savdo markaziga zarba yo‘llashdi. Ular qaror qabul qilish markazlariga zarba berishlarini aytishgandi. Ammo o‘taketgan xayolparastlar ham savdo markazi bunday markaz deb hisoblanishini taxmin qilmagan bo‘lardi [...] Bizga o‘z odamlarimizni himoya qilish uchun ko‘proq qurollar, havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak. Rossiya terrorizm homiysi bo‘lgan davlat deya tan olinishi darkor», deya yozgan Yermak.
Hujumga uchragan «Amstor» savdo markazi shahar markazida, Kremenchug temiryo‘l vokzalidan 300 metr masofada joylashgan, bu haqda xabar qilgan Ukraina ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Emine Japarovaning posti hozirda o‘chib ketgan. Kremenchug shahri va Poltava oblasti rasmiylari ma’lumotida savdo markazi nomi keltirilmagan. Hududda havo trevogasi mahalliy vaqt bilan soat 15:40 atrofida (Toshkent vaqti bilan 17:40) yangragan.
Kremlparast telegram-kanallarda allaqachon Kremenchugdagi savdo markaziga yo‘llangan zarba haqidagi xabarlar «provokatsiya» deb ataldi va Bucha bilan tenglashtirildi. Xususan, VGTRK jurnalisti Andrey Rudenko va «Segodnya.ru» nashri bosh muharriri Yuriy Kotenok «provokatsiya» dalili sifatida yonayotgan savdo markazi atrofida olingan kadrlarda mashinalar va ayollar kamligi («holbuki bunday mahalda ayollar do‘konlarni to‘ldiradi», deya qayd etgan Rudenko) keltirilgan.
Kremenchug front chizig‘idan yuzlab kilometr masofada joylashgan, ammo allaqachon zarbaga uchragan. Shaharda neftni qayta ishlovchi zavod joylashgan, bu Ukrainadagi benzin va dizel yonilg‘isi ishlab chiqaruvchi eng yirik zavoddir. Zarbalar tufayli bahordayoq uning faoliyati to‘xtatilgan (bu esa mamlakatda benzin taqchilligining asosiy omillaridan biri bo‘lgan). Rossiya harbiylari zavod faoliyati to‘xtagach ham uni o‘qqa tutishda davom etmoqda, Ukraina tomoni bunday hujum haqida so‘nggi bor 18 iyun kuni xabar bergandi. «Amstor» savdo markazidan harbiy obekt deb hisoblash mumkin bo‘lgan Kremenchug neftni qayta ishlash zavodiga qadar bo‘lgan masofa 10 kilometrdan ortiqni tashkil etadi.
Mavzuga oid
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024