Xiva shahri 2024 yil Islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qilindi
Islom hamkorlik tashkilotining XI sessiyasi doirasida ilk bor O‘zbekiston shaharlaridan biri – Xiva 2024 yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya e’lon qilindi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) g‘alabaning asosiy omillari sifatida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm sohasida yuritilayotgan ochiqlik siyosati, viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi ko‘plab islohotlarni e’tirof etgan.
Shuningdek, Xiva shahrining tarixiy qiyofasi tiklanishi, restavratsiya va konservatsiyaga oid amalga oshirilgan ishlar, sayyohlarning katta oqimini qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaning yaxshilangani alohida qayd etilgan. Bundan tashqari, turizm va unga yondosh sohalar tadbirkorlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar yuqori baholangan.
“Islom dunyosining turizm poytaxti yili doirasida Xorazm viloyatining Xiva shahrida IHTga a’zo 57 davlatning turizm vazirlari va turistik ma’muriyatlari rahbarlarining yig‘ilishi yuqori darajada o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Islom olami va ziyorat turizmi salohiyatini ochib beruvchi ilmiy-amaliy anjumanlar, fotoko‘rgazmalar va art-ekspozitsiyalar bo‘lib o‘tadi.
2018 yilda O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti bazasida IHT davlatlari olim va tadqiqotchilari ishtirokida ta’lim sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi”, – dedi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov.
Islom dunyosining turizm poytaxti nominatsiyasiga 5 davlatdan shaharlar nomzodi qo‘yilgan bo‘lib, bular:
- Abu-Dabi (BAA);
- Shanliurfa (Turkiya);
- Laos (Nigeriya);
- Dushanbe (Tojikiston);
- Xiva (O‘zbekiston).
So‘nggi yilda bu shaharlar orasida nominatsiyada g‘oliblik uchun shiddatli kurash kuzatildi. Shunga qaramay, O‘zbekistonning bu yo‘nalishda olib borilgan sa’y-harakatlari natijasida Xiva shahrining “Islom dunyosining turizm poytaxti” maqomini olishiga doir qarorga kelinishiga erishildi.
Ta’kidlash joizki, g‘alabaga erishish yo‘lida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi 2019 yildan buyon tizimli ravishda ish olib bormoqda, ya’ni bu orada Xiva shahri nomzodi kiritilib, IHTga a’zo davlatlar bilan tegishli ishlar olib borilgan – IHT davlatlarining turistik ma’muriyati rahbarlari bilan onlayn uchrashuvlar, muzokaralar va taqdimotlarning o‘tkazilishi shular jumlasidandir”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
22:45 / 24.10.2024