Jamiyat | 22:42 / 30.06.2022
21760
8 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda Equinox mashinasidagi erkaklarga qilingan hujum bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi o‘tgan yilning oktyabr oyida shu tumanda ro‘y bergan ommaviy janjal (voqeaning bir qismi quyidagi videoda aks etgan) ishtirokchilari ustidan hukm o‘qidi.

Ma’lum qilinishicha, J. A., M. X., S. M., S. X. va dastlabki tergovda aniqlashni imkoni bo‘lmagan shaxslar o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 2021 yil 31 oktabr kuni soat 22:00 larda pichoq va boshqa buyumlar bilan qurollanib, Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida joylashgan “SamPI” savdo majmuasi oldida J. I., A. T., A. K., S. A. va D. M. ni o‘ldirish va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish maqsadida ularga hujum qilgan.

Bundan xavfsiragan J. I., A. T., A. K., S. A. va D. M. hodisa joyidan qochib yashiringan.

B. T. Toshkent viloyati Yuqorchirchiq tumani “Iyk ota” MFY Baxt ko‘chasi 41-uyda joylashgan “Shodlik” nomli ko‘ngilochar maskanning hammom-saunasida ma’mur bo‘lib ishlab, 2021 yil noyabr oyining boshlarida S. M. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, mazkur ko‘ngilochar maskan ish yurituvchisi D. Sh. ning ko‘rsatma va talablariga zid ravishda, faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirib, o‘zlarini ko‘ngilochar maskan hammom-saunasi egasidek faraz qilib, ushbu hammom-saunada fohishaxona tashkil qilib, u yerga kelgan mijoz va xizmat ko‘rsatuvchi fohisha ayollar o‘rtasida ular tomonidan qo‘yilgan talablarning rioya etilishini ta’minlab, D. Sh. ning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazganlar.

Bundan tashqari, S. M. bilan B. T. o‘zlarining jinoiy harakatlarini davom ettirib, mazkur obektda 2021 yil noyabr oyining boshlaridan 2021 yil 1 dekabr kuniga qadar mijozlarga R. A., N. S., U. Ya., R. A., A. V. va boshqa ayollarning shahvoniy xizmatlarini taklif qilish yo‘li bilan pul evaziga ularga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berib, ko‘rsatilgan intim xizmatlar uchun har bir mijozdan olingan 200 ming so‘m miqdoridagi pullardan 50 ming so‘mini ulush sifatida qo‘lga kiritib kelganlar.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

J. A. Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan, J. A. 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar qamoqda saqlanganini e’tiborga olib, tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini to‘liq o‘tagan deb hisoblanishi belgilanib, unga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar J. A. ga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

M. X. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi (ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 5-qismi 2-bandiga asosan aybliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib harakatdan tugatildi.

M. X. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 60- (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) va 61- (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2020 yil 5 iyundagi hukmiga ko‘ra tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan M. X. ga uzil-kesil o‘tash uchun 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan, M. X. 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar 7 oy 21 kun qamoqda saqlanganini e’tiborga olib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlandi hamda uzil-kesil 10 oy 9 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

M. X. ga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar M. X. ga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

S. M. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi, 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 3-qismi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59- (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

B. T. Jinoyat kodeksining 131-moddasi 3-qismi va 229-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.

B. T. ga nisbatan qo‘llanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, sud zalida qamoqqa olindi.

S. X. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021 yil 25 yanvardagi hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan S. X. ga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 11 150 000 so‘m jarima va 2 yil 7 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Tayinlangan jarima S. X. tomonidan 2021 yil 2 fevral kuni to‘liq to‘langani inobatga olindi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan S. X. ni 2022 yil 4 apreldan 2022 yil 8 aprelga qadar 4 kun qamoqda saqlanganini e’tiborga olinib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlandi hamda uzil-kesil 2 yil 6 oy 26 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

JPK talablariga muvofiq, apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 sutka ichida, mahkum va jabrlanuvchi-fuqaroviy da’vogar tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxalari topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida berilishi mumkinligi ma’lum qilinadi.

Belgilangan muddat o‘tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi.

Mavzuga oid