Jahon | 22:28 / 04.07.2022
23970
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainani qo‘llayotgan Yevroittifoq Rossiya energoresurslarini sotib olishda hamon yetakchi

Urushning dastlabki 100 kunida (24 fevral – 4 iyun) Rossiya energotashuvchilar (gaz, neft, ko‘mir) eksportidan salkam 100 mlrd dollar ishlab olgan. Bu – kuniga qariyb 1 mlrd dollar daromad degani. Asosiy xaridor – Yevropa Ittifoqi. Rus yoqilg‘isiga qaramligi sabab de-fakto Moskvaga urushni moliyalash imkoniyatini yaratib berayotgan Yevropa 6-to‘plam sanksiyalar natijasida yil oxirigacha Rossiyadan neft importini sezilarli qisqartirishi kutilyapti.

Rossiyadagi "Bovanenkovskoye" gaz koni / Foto: AFP

Visual Capitalist tahlilchilari Energetika va toza havo tadqiqotlari markazi (CREA) ma’lumotlaridan foydalangan holda Ukraina urushining birinchi yuz kunida Rossiya yoqilg‘isining eng yirik importchilari bo‘lgan davlatlar statistikasini tuzdi.

Rossiya dunyoda uchinchi yirik neft ishlab chiqaruvchi va ikkinchi eksportchi hisoblanadi. Harbiy mojaroning yuz kuni davomida neft Rossiyaning eng qimmatli eksport tovariga aylandi va barcha eksport tushumlarining deyarli yarmini tashkil etdi.

Neft tankerlar orqali bir nechta qit’alardagi xaridorlarga, tabiiy gaz esa quvurlar orqali asosan Yevropaga sotiladi. Mamlakat Yevropa Ittifoqining tabiiy gazga ehtiyojini 41 foizga qondiradi; YeIga a’zo ayrim davlatlar esa deyarli to‘liq Rossiya gaziga bog‘liq.

Urushning dastlabki yuz kunida Rossiya gaz quvurlari orqali 25 milliard dollarlik gaz eksport qilgan bo‘lsa, shundan 85 foizi Yevropa Ittifoqiga yuborildi.

Mojaroning yuz kunidagi import hajmi

Rossiya yoqilg‘isining asosiy xaridorlari

Mojaroning birinchi yuz kunida Rossiya yoqilg‘isining 61 foizi Yevropa Ittifoqi tomonidan sotib olingan. Germaniya, Italiya va Niderlandiya birgalikda Rossiyaga energoresurslar uchun 29,1 mlrd dollar to‘lagan.

Urush fonida Xitoy Rossiya yoqilg‘isining eng yirik xaridoriga aylandi. May oyida Xitoy kuniga deyarli 2 million barrel arzon rus neftini import qildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 55 foizga ko‘p. Natijada Saudiya Arabistoni Xitoyning eng yirik neft yetkazib beruvchisi maqomidan ayrildi.

Hindiston ham Rossiyadan yoqilg‘i importini oshirdi: 100 kunlik davrda Rossiya neft eksportining 18 foizi Hindistonga to‘g‘ri keldi. Qiziq tomoni shundaki, Hindiston bu neftni qayta ishlaydi va uni Rossiya importidan mustaqillikka erishmoqchi bo‘lgan AQSh va Yevropaga sotadi.

AQSh va Shvetsiya Rossiya energoresurslaridan to‘liq voz kechdi

AQSh va Shvetsiya Rossiyadan qazib olinadigan yoqilg‘i importini butunlay taqiqladi, may oyida mojaro boshlanganidan beri oylik import 99 foizga kamaydi.

May oyida global miqyosda Rossiya yoqilg‘ilarining import hajmi 15 foizga kamaydi.

Bir qator Yevropa davlatlari, jumladan, 100 kunlik davrda eng yirik importyorlar Rossiyada ishlab chiqarilgan yoqilg‘i iste’molini sezilarli darajada kamaytirdi. Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha kollektiv qaroridan tashqari, ba’zi davlatlar rubl bilan hisob-kitob sxemasidan ham voz kechishdi, bu esa importning pasayishiga olib keldi.

Import hajmi pasayishda davom etadi

Yevropa Ittifoqi yaqinda Rossiyaga qarshi oltinchi sanksiyalar paketini qabul qilib, dengiz orqali jo‘natilgan barcha rus neft mahsulotlariga to‘liq taqiq qo‘ydi. Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga neft importining 90 foizini qamrab oladigan taqiq 6 oydan 8 oygacha bo‘lgan vaqtdan so‘ng amaldagi shartnomalarni bajarishga imkon berish uchun to‘liq kuchga kirishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi Rossiya neftidan bosqichma-bosqich voz kechayotgan bir paytda, qator Yevropa davlatlari hamon Rossiya gaziga qattiq qaramligicha qolmoqda va gaz embargosi jiddiy muhokama ham qilinayotgani yo‘q.

Mavzuga oid