Jahon | 19:41 / 05.05.2026
5457
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Chuvashiyaga raketa va dronlar bilan hujum qildi

Dronlardan bir nechtasi turar joy binolariga urilgan, qurbonlar bor.

Foto: Exilenova+

Ukraina qo‘shini 5 mayga o‘tar kechasi va tongda Cheboksari shahri bo‘ylab kombinatsiyalangan hujum uyushtirdi. Bu shahar Ukraina qurolli kuchlarining eng yaqin pozitsiyalaridan 900 kilometr masofada joylashgan.

Zarbaning asosiy nishoni «VNIIR-Progress» mudofaa korxonasi bo‘lgan. Astra nashri yozishicha, tunda bu yerda raketa kelib urilishi oqibatida yong‘in chiqqan. Uch kishi jarohatlangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy keyinroq hujum 1500 kilometrdan ortiqroq masofaga ucha oluvchi «Flamingo» raketasi orqali amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Zelenskiy raketa uchirilishi videosini e’lon qilib, Rossiyadagi obektlarga, jumladan Cheboksarda ham hujum uyushtirilganini ma’lum qildi.

U Kiyevdagi ma’lumotlarga ko‘ra «VNIIR-Progress» zavodi Rossiya floti, aviatsiyasi va zirhli texnikalari uchun navigatsiya qurilmalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi haqida gapirgan: «Rossiyaliklar bizga qarshi urushda qo‘llayotgan barcha narsani».

Tongda esa Ukraina qurolli kuchlari dronlardan foydalangan holda takroriy zarbani yo‘llagan. Ulardan bir nechtasi fuqarolik infratuzilmalariga borib urilgan: kamida ikkita ko‘p qavatli uy hamda savdo markazi shikastlangan.

Quruvchilar ko‘chasi, 6-uyda dron to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan (video). Tergov qo‘mitasi hujum natijasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligini ma’lum qildi – ularning soniga aniqlik kiritilmagan. Baza telegram-kanali ta’kidlashicha, ikki kishi halok bo‘lib, 34 kishi jarohatlangan, jarohatlanganlar orasida bir bola ham bor.

Dron ko‘p qavatli turar joy binosiga urilishi oqibatlari
Foto: Exilenova+

Hujum tufayli shaharda jamoat transporti faoliyati bir necha soatga butunlay to‘xtatildi, maktablar va texnikumlar masofaviy ta’limga o‘tkazildi.

Chuvashiya hukumati rasmiy telegram-kanalida hujum haqida amalda hech qanday operativ ma’lumot e’lon qilmadi (bu so‘nggi vaqtlarda Rossiya regionlari uchun odatiy holga aylanmoqda). Chuvashiya rahbari Oleg Nikolayev o‘z kanalida birorta ham xabar yozib qoldirmagan – holbuki odatda uning kanalida har kuni bir nechta post chiqqan. Shu bilan birga, Nikolayev Max ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ikkita post joylashtirgan: ulardan birida u aholini «rasmiy manbalardagi tavsiyalarga amal qilish»ga chaqirgan – ammo region aholisi bunday tavsiyalarni aynan qayerdan qidirishi kerakligini aniq qilib aytmagan.

«Agenstvo» nashri hisoblashicha, bu keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Ukraina qurolli kuchlarining «VNIIR-Progress»ga qilingan oltinchi hujumi bo‘ldi. Shu vaqtga qadar nisbatan eng vayronkor zarba 2025 yil dekabrdagisi bo‘lgandi, o‘sha hujum oqibatida korxona yaqinidagi turar joy binosi shikastlanib, 14 kishi jarohat olgandi.

RF mudofaa vazirligi hisobotida tunda Rossiyaning yigirmaga yaqin hududlarida Ukrainaning jami 289 ta droni urib tushirilgani aytiladi. Ukraina chegarasidan 2000 kilometr masofada joylashgan Xanti-Mansiysk avtonomn okrugida esa shu kuni urush davrida ilk bor raketa xavfi rejimi e’lon qilingan. Ushbu yopirilma hujum Volodimir Zelenskiy tomonidan e’lon qilingan «sukunat rejimi» amal qilishi boshlanishi arafasida ro‘y berdi.

RF mudofaa vazirligi 4 may kuni Rossiya 8 va 9 may kunlari «Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatishi»ni e’lon qilgan va Ukrainadan ham ushbu tashabbusga qo‘shilishni talab qilib, aks holda Kiyev markaziga raketalar orqali yopirilma hujum uyushtirish bilan tahdid qilgandi. Zelenskiy bunga javoban Ukraina o‘t ochishni ancha oldinroq – 6 mayga o‘tar kechasi boshlashini (Rossiya ham amal qilishi sharti bilan) e’lon qilgandi. U o‘z qarorini «inson hayoti har qanday yubileyni „nishonlash“dan ko‘ra beqiyos darajada qimmatliroq» deb hisoblashi bilan izohladi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid