Qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, ekinzorlar unumdorligi va fermerlar manfaatdorligini oshirish uchun yerdan ijara asosida foydalanish huquqini oldi-sotdi qilishga ruxsat berish lozim, degan taklifni ilgari surdi USAID'ning agrobiznes sohasi mutaxassisi Mansurjon Rasulev.

Rasulev bu haqda 30 iyun kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi asosiy muammo bu – yerdan foydalanish huquqi xo‘jalik aylanmadan chiqarilgani.

“Masalan, siz yerni 49 yilga ijaraga oldingiz. Uning, albatta, iqtisodiy qiymati bor: siz 49 yil davomida undan foydalanib, daromad olishingiz mumkin.

Ammo, deylik, ikki yildan keyin yo‘nalishingizni, ixtisosingizni o‘zgartirmoqchisiz, misol uchun, to‘yxona ochmoqchisiz. Mana shu 49 yilga olgan yeringizni siz ikki yildan keyin qolgan 47 yilini likvid aktiv sifatida ishlata olmaysiz. Chunki shu topda siz uchun ikkita yo‘l bor: o‘z faoliyatingizni davom ettirasiz yoki ariza yozib, yerni hokimiyatga qaytarib berasiz.

Aynan shuning natijasida ko‘p fermerlarimiz hozir yerni shunchaki ushlab o‘tiribdi: sarmoya kiritmayapti, samaradorlikni oshirayotgani yo‘q, texnika olayotgani yo‘q, malakasini oshirayotgani yo‘q. Nega? Chunki faqat ikkita yo‘l bor: ariza yozib yerni tekinga berib yuborish kerak yoki har yili dehqonga subarendaga berib pul topish. Albatta, ikkinchisi yaxshi.

Shuning uchun taklifim – yerdan foydalanish huquqini “oborot”ga kiritish. Fermer 49 yilga oldimi yerni, ikki yildan keyin o‘sha 47 yilni auksion orqali bo‘ladimi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzibmi, boshqa fermerga o‘tkazish imkoniyati bo‘lish kerak. Shunda bu aktiv bo‘ladi.

Misol uchun, men telefon sotib oldim va ertaga bu telefonimni sotib yubormoqchiman. Kimdir telefonimga 100 dollar berishga tayyor. Sota olsam, demak, telefonim likvid aktiv, sota olmasam – yo‘q.

Qishloq xo‘jaligimizdagi asosiy moliyaviy masalalardan biri – kredit olish. Nima uchun hozirgi paytda banklar yerdan foydalanish huquqini garov sifatida qabul qilmaydi? Chunki ertaga, misol uchun, fermer bankrot bo‘ladigan bo‘lsa, bank nima qiladi bu yerni: sota olmasa, bozor qiymati bo‘lmasa? To‘g‘ri, normativ qiymati bor va bu qiymatni bozor qiymatiga yaqinlashtirishga harakat qilingan, lekin tabiiyki, bozor qiymati bilan normativ qiymatning farqi bor. Kvartira sotayotganingizda siz uni kadastr qiymatida sotmaysiz, bozor narxi bo‘yicha sotasiz. Bozorda sotiladigan molning bozor narxi chiqadi. Bu o‘sha molning xo‘jalik aylanmasida bo‘lganining natijasi.