Jahon | 17:55 / 07.07.2022
38722
2 daqiqa o‘qiladi

0 dollardan 180 ming dollargacha: Oq uyda ishlovchilar qancha maosh olishadi?

AQSh prezidenti administratsiyasi xodimlarining yillik maoshlari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi.

Foto: Scott Olson/Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi Oq uy xodimlarining yillik daromadlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi va barcha 474 xodimning ro‘yxatini Kongressga yubordi, deya xabar bermoqda “Fox Business” nashri.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlarga yiliga 0 dollardan 180 ming dollargacha maosh beriladi, aksariyat xodimlarning yillik daromadi 100 ming dollardan oshadi.

24 nafar xodim yillik maksimal ish haqi olishadi. Ro‘yxatga Oq uy ma’muriyati rahbari Ron Kleyn ,Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per, ichki siyosat bo‘yicha maslahatchi Syuzan Rays va boshqa ko‘plab huquqiy hamda siyosiy maslahatchilar kiritilgan.

Shuningdek, Oq uyda umuman maosh olmaydigan 16 nafar xodim ishlaydi. Ular orasida Baydenning immigratsiya bo‘yicha katta maslahatchisi Ramzi Kassem va uning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maxsus maslahatchisi Jastin Levit ham bor.

Maoshsiz ishlaydiganlarni inobatga olmaganda, Oq uydagi eng kam ish haqi 48 ming dollarni tashkil etib, 12 nafar xodimga shuncha miqdorda pul to‘lanadi.

Jo Baydenning o‘zi Oq uy xodimi sifatida ro‘yxatga olinmagan. U yiliga 400 ming dollar ishlab topadi, bu amaldagi prezidentlar uchun odatiy ko‘rsatkichdir. Umumiy maoshga 50 ming dollarlik "xarajat nafaqasi" ham, Baydenning 100 ming dollarlik sayohat xarajatlari ham kirmaydi.

Ma’lumot uchun, 1995 yildan boshlab Oq uy har yili Kongressga taqdim etadigan hisobotida o‘z xodimlarining maoshlarini oshkor qilishi shart qilib qo‘yilgan. 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid