21:00 / 07.07.2022
25069

«Tushuning, harbiy burch» – Amerika klubiga o‘tishni istagan rossiyalik hokkeychi armiyaga olib ketildi

Rossiyaning TsSKA hokkey klubi darvozaboni Ivan Fedotovning taqdiri ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Faoliyatini AQShda davom ettirishni istagan sportchi oxir-oqibat qariyb Arktikadagi harbiy qismga yo‘l oldi. 1 iyul kuni sportchini harbiy xizmatdan bo‘yin tovlashda ayblab qo‘lga olishdi-da, keyin armiyaga jo‘natib yuborishdi.

MARIO HOMMES/DEFODI IMAGES VIA GETTY IMAGES

TsSKAning 25 yoshli a’zosi 1 iyul kuni Sankt-Peterburgda qo‘lga olindi. «Fontanka» nashri yozishicha, uni ushlash bo‘yicha topshiriq Sankt-Peterburg ichki ishlar boshqamasi hamda harbiy prokuratura tomonidan berilgan. Ular Fedotovni harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan deb hisoblash uchun asos borligini ma’lum qilgan.

Fedotovni qo‘lga olishayotganda «Match TV» jurnalisti u haqda reportaj tayyorlayotgan bo‘lgan. Muxbir voqeani shunday tasvirlaydi: «Birinchi bo‘lib ko‘zga tashlangan narsa shu bo‘ldiki, ikki kishi niqob va kamuflyajda, qolganlar doimiy uniformada edi. Ulardan biri Vanyaga guvohnomasini ko‘rsatib, nimadir dedi. Suhbat bir daqiqa ham davom etmadi va uni furgonga o‘tqizib olib ketishdi».

Keyinroq OAVda Fedotovni mahalliy harbiy bo‘linmaga olib ketishgani, u yerda sportchi o‘zini yomon his qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Fedotovning agenti Aleksey Ponamaryovning aytishicha, uni va sportchining ota-onasini kasalxonaga kiritishmagan, ammo harbiy politsiya vakillari Fedotovning oldiga kirgan. Yurist sportchi Moskvadagi harbiy ro‘yxatda turishi, lekin Leningrad oblastida ro‘yxatga olinganiga e’tibor qaratgan. Advokatning aytishicha, Fedotov bu harbiy bo‘linmaga umuman aloqador emas.

Ammo 1 iyuldayoq Sankt-Peterburgdagi Viborgsk tuman harbiy bo‘linmasi Fedotovni harbiy xizmatga chaqirib, unga safdor harbiy darajasini ham taqdim etgan. Sportchi bu qarordan norozi bo‘lib sudga murojaat qilgan.

3 iyul kuni hokkeychi kasalxonadan yo‘qolib qolgan. «RIA Novosti» va «TASS» sportchi Murmansk oblastidagi Severmorsk shahriga olib ketilgani haqida yozdi. Keyingi kuni esa OAVda Fedotov Arxangelskda ekani haqida xabarlar chiqdi. «Sport-Ekspress» darvozabonning suratini ham e’lon qildi.

«Fontanka» Fedotov Rossiya harbiy-dengiz kuchlari qoshidagi 907-o‘quv markaziga olib ketilgani haqida yozdi. Sportchi u yerda sentyarbgacha qolishi, keyin qayerda xizmat qilishi aniq bo‘lishi aytildi.

«TASS» harbiy tuzilmadagi manbalariga asoslanib yozishicha, Fedotovni Novaya Zemlya arxipelagiga xizmat qilish uchun yuborishlari mumkin. Muxolifatchi Aleksey Navalniyning maslakdoshi Ruslan Shaveddinov ham aynan Arktikadagi Novaya Zemlyada xizmat qilgan. Jurnalistning xizmatga borishi ham Fedotovnikiga o‘xshash: uni noma’lum shaxslar olib ketgan va ko‘p o‘tmay Shaveddinov Novaya Zemlyada paydo bo‘lgandi.

OAVda bir ma’lumotga e’tibor qaratishgan: Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni Nikolay Yevmenov hokkey muxlisi hisoblanadi. 2013 yil Severodvinskda tashkil etilgan hokkey ligasining eng kuchli jamoalaridan biri esa aynan Shimoliy flot klubi hisoblanadi. «Match TV» Fedotovni harbiy hospitaldan aynan Severodvinskdagi harbiy qismga yuborishgani haqida yozdi.

Fedotov nima bilan mashhur?

Ivan Fedotov Rossiyadagi Kontinental hokkey ligasining o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi darvozaboni. O‘tgan mavsumda TsSKA safida Gagarin kubogini qo‘lga kiritgan. Pekindagi qishki olimpiada o‘yinlarida Rossiya milliy jamoasi darvozasini qo‘riqlab, kumush medalga sazovor bo‘lgan.

Fedotov «armiyachilar» safiga bir yil avval «Traktor»dan o‘tgandi. Bahorda TsSKA bilan shartnomasi muddati yakuniga yetgach, darvozabon kelishuvni uzaytirishni istamagan, chunki AQSh Milliy hokkey ligasi debyutanti bo‘lmish «Filadelfiya Flayyerz» bilan shartnoma imzolagan. «RIA Novosti» manbasining aytishicha, Fedotov TsSKA bilan urishib qolgani uning armiyada xizmat qilishdan bo‘yin tovlashda ayblanishi va qo‘lga olinishiga sabab bo‘lgan.

Fedotov Pekin-2022 olimpiya o‘yinlarida Rossiya olimpiya qo‘mitasi jamoasining yorqin o‘yinchilaridan bo‘lgandi. Foto: HARRY HOW/GETTY IMAGES

Agar hammasi muammosiz kechganida, Fedotov yozda «Flayyerz» mashg‘ulot bazasida bo‘lishi mumkin edi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin «Flayyerz» rasmiy sayti jurnalistlaridan biri tvitterdagi sahifasida shunday deb yozdi: «Vaziyat «Flayyerz» darvozaboni bilan bo‘lganiga qaraganda jiddiyroqqa o‘xshaydi».

U Rossiya milliy jamoasi darajasidagi sportchilarga bo‘lgan munosabatni nazarda tutgani aytilmoqda.

«Flayyerz» o‘tgan mavsumda MHLdagi divizionda oxirgi o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Rossiyalik darvozabonlar oxirgi yillarda okean ortidagi nufuzli ligada yaxshi natijalar qayd etishmoqda. O‘tgan mavsumda «Nyu-York Reyndjers» posboni Igor Shesterkin musobaqaning eng yaxshi darvozaboni bo‘lgandi. Andrey Vasilevskiy ikki mavsumdan buyon «Tampa-Bey» jamoasi Stenli kubogi finaligacha borishiga yordam bermoqda. Sergey Bobrovskiy, Ilya Sorokin, Semyon Varlamov, Ilya Samsonov va Anton Xudobin kabi darvozabonlar ham MHLning mashhur yulduzlaridan hisoblanadi.

Darvozabonning armiyaga olib ketilgani haqida nima deyishmoqda?

Fedotov bilan bog‘liq voqealarga Rossiyadagi yuqori darajadagi mansabdorlar ham munosabat bildirishdi. Hatto Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham. «Tushuning, qonunda harbiy burch degan narsa bor, shu sabab bu holatga hissiyot bilan yondashish kerak deb o‘ylamayman», dedi Kreml rasmiy vakili.

Rossiya sport vaziri Oleg Matsikin esa shunday dedi: «Qonun bilan yashang va sizda hammasi yaxshi bo‘ladi. Harbiy xizmat bo‘yicha savollar Mudofaa vazirligiga, agar nimadir qilish kerak bo‘lsa, qilamiz».

Hokkey olamida esa Fedotovning qo‘lga olinishiga qarshi sanoqli bo‘lsa-da salbiy fikrlar bildirilmoqda. Masalan, rus sportining asosiy yulduzlaridan biri Aleksandr Ovechkin odatda hukumat pozitsiyasiga qarshi gapirmaydi, ammo bu holatda «Vashington Kepitalz» yetakchisi ham jim turmadi: «Nega axir?» dedi Ovechkin bu holatga izoh berar ekan.

Rossiya hokkey federatsiyasi rahbari Vladislav Tretyak esa holatda izoh bera olmasligini aytdi. Rossiyalik sport jurnalisti Igor Rabinerning aytishicha, Rossiyada faoliyatini davom ettirayotgan hokkeychilar Fedotov masalasida gapirishni istamayapti, chunki bu ularga ham muammo tug‘dirishi mumkin.

Hukumat tadbirlarida faol qatnashadigan sharhlovchi Dmitriy Guberniyev darvozabon bilan bo‘lgan holatga tanqidiy yondashdi. «Balki kimdir u Filadelfiyaga ketayotgani uchun qasos olishni istagandir va bu juda xavfli holatki, endi hokkey o‘ynayotgan yoshlar bunday yoqimsiz holatga tushmaslik uchun tezroq ketishni istaydi. Bu ishni qilganlarning Rossiya davlati obro‘si va rus sportining kelajagi bilan ishi yo‘q», degan Guberniyev. Sharhlovchi hokkey olamining bu boradagi sukutidan hayratda ekanini aytgan.

BBC Fedotov bilan sodir bo‘lgan noodatiy holatni sharhlab berishini so‘rab sport jurnalisti Aleksey Belovga murojaat qildi.

«Rus sporti obro‘siga yana bir zarba»

Aleksey Belov, Spors.ru saytining hokkey bo‘limi rahbari:

20 yillar avval shunga o‘xshash holat bo‘lgan. «Avangard» OMSK jamoasining uch nafar hokkeychisi Stanislav Chistov, Aleksandr Svitov va Kirill Kolsov TsSKAga qarshi o‘yindan keyin to‘g‘ri bitta harbiy qismga olib borilgan. Keyin Svitov va Chistov AQShga yo‘l olmoqchi ekani, «Avangard» prezidenti esa bu haqda bilib qolgani ma’lum bo‘ldi. Ularni armiyaga olib ketishadi. Bir hafta o‘tgach, Svitov va Chistov Omskka qaytadi, ammo ular bundan buyon «Avangard» uchun o‘ynashni istamaydi.

2003 yilda «Kolambus» jamoasi sharafini himoya qilish uchun AQShga ketgan TsSKA hokkeychisi Nikolay Jyerdyov bilan ham shunday bo‘ladi. Hokkeychi ketib bo‘lgach, u harbiy xizmatchi ekani, amerikaliklarning u bilan shartnoma imzolashga haqqi yo‘qligi haqida yozishdi, ammo voqea o‘z-o‘zidan tinchib ketdi, Jyerdyov baribir xizmat qilmadi.

Fedotov bilan bog‘liq holat noodatiy, chunki Rossiyada sportchilar armiyada xizmat qilmaydi, bunaqasi juda kam bo‘lgan.

Sovetlar vaqtida holat boshqacha edi. Harbiy tashkilotlar qoshidagi klublar sportchilarni ofitser sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Tartibni buzganlar, shartnoma tugagach ketmoqchi bo‘lganlar bilan muammo chiqqan. Bundaylarni harbiy qismga yuborishgan, ammo tezda qaytarishgan.

MHLga qochib ketgan Sergey Fedorov ko‘p o‘tmay «Detroyt Red Uingz»da superyulduzga aylanadi. Hozir u - TsSKA bosh murabbiyi
GLENN CRATTY/GETTY IMAGES

Hozir sportchilar bu masalani professonal tarzda hal qilishmoqda. Aksar sportchilar rasman oliygohlarda o‘qishadi. Aksar oliygohlar esa harbiy kafedraga ega va sportchilar u yerdan zaxiradagi ofitser bo‘lib chiqishadi, hech qanday muammo kuzatilmaydi. Klublar hatto harbiy qismlar bilan sportchilar ro‘yxatda turishi borasida shartnoma qilishadi. Yarim qonuniy bu usul keng tarqalgan va u barchani qanoatlantirayotgandi.

Fedotovning armiyaga chaqirilishi meni ajablantirmadi, chunki bizda armiyada xizmat qilish majburiy. Bu borada muammoni hal qilmagan bo‘lsa, hokkeychini ham, chilangarni ham yoshi yetgach xizmatga chaqirishadi. Ammo bu masala nega shov-shuvga sabab bo‘ldi? Chunki bu holatni josuslik o‘yiniga aylantirib yuborishdi. Sportchini notanish odamlar, notanish mashinada olib ketishdi va Sankt-Peterburgdan olib ketilgan sportchi uch kundan keyin Severodvinskda ko‘rinish berdi.

Hozirgi holatdan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, Fedotov Amerika jamoasiga ketishni istamaganda bu muammo sodir bo‘lmasdi. Hozircha juda kam ma’lumot bilamiz va bu borada rasman shunday deyish mumkin: Fedotov ketmoqchi bo‘ldi, u armiya masalasini hal qilmagan va uni to‘xtatishga bahona bor.

Nega aynan Fedotov bunday holatga tushdi? Bu borada ko‘p variantlarni keltirish mumkin. Hokkey agenti Shumi Babayevning aytishicha, TsSKA Fedotovni «Traktor»dan katta pul evaziga sotib olganida shartnomani uzaytirish bo‘yicha og‘zaki kelishuv bo‘lmaganda bunaqa katta pul to‘lamagan bo‘lardi. Darvozabon esa shartnomani uzaytirishni istamadi.

Fedotov MHLda o‘ynamaydigan eng zo‘r darvozabon, NHLda yaxshi darvozabonlar bilan bog‘liq muammo kuzatilmoqda, ammo bu «josuscha operatsiya»ni aynan shu sabab bilan qilishganiga ishonmayman. Ammo boshqa rossiyalik hokkeychilar okean ortiga ketishda davom etayotganini ham unutmaslik kerak. Masalan, SKA a’zosi Kuzmenko yozda «Vankuver»ga ketadi.

Hokkey olamida hozircha jimlik. Biz jurnalistlar savol beryapmiz, lekin javob yo‘q. Masalan, Malkin nega Fedotovni qo‘llamayapti? Axir «Pitsburg»da uzoq vaqt o‘ynagan Malkin «Metallurg»dan amalda qochib ketgandi-ku? Nega sportchini TsSKA bosh murabbiyi Sergey Fyodorov qo‘llamayapti? 1990 yilda u TsSKAda o‘ynayotganda Shimoliy Amerikaga qochib ketgan. Nega boshqa o‘yinchilar qo‘llamayapti?

Balki boshqa sportchilar ham armiya masalasini yopmagani uchun jim turgandir? Ammo rus sportining obro‘si nima bo‘ladi? Endi Rossiyadan emas, boshqa joydan hokkeychi ola boshlashsa-chi? MHL bu – biznes. Anig‘i shuki, hozir shundoq ham yaxshi obro‘ga ega bo‘lmagan rus sporti yana bir jiddiy zarbani qabul qilib oldi...

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top