O‘zbekiston | 13:33 / 08.07.2022
15239
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona xalqaro aeroporti bojxona posti boshlig‘i ustidan jinoyat ishi ochildi

Bojxona posti boshlig‘i xorijdan kelayotgan yo‘lovchilar nomiga rasmiylashtirilib olib kelingan juda ko‘p miqdordagi tovar qimmatliklarni belgilangan tartibga zid ravishda bojxona nazoratidan o‘tkazish bilan shug‘ullanganlikda gumonlanmoqda.

Foto: Kun.uz

Farg‘ona aeroportidagi bojxonachilarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi Davlat xavfsizlik xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.S. o‘zining bo‘ysunuvida bo‘lgan xodim X.J. va mahalliy fuqarolar bilan kelishgan holda, moddiy manfaatdorlik evaziga, xorijdan kelayotgan yo‘lovchilar nomiga rasmiylashtirilib, olib kelingan juda ko‘p miqdordagi tovar qimmatliklarni belgilangan tartibga zid ravishda bojxona nazoratidan o‘tkazish bilan shug‘ullangan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Domodedovo – Farg‘ona” yo‘nalishida Moskvadan uchib kelgan 4 nafar yo‘lovchi nomiga rasmiylashtirilib, olib kelingan, umumiy qiymati 276,6 mln so‘mlik tovar qimmatliklarni qabul qilib olgan vaqtida fuqarolar – 1991 y.t. A.N. va 1995 y.t. N.A.lar qo‘lga olindi. Shuningdek, mazkur tovarlar Farg‘ona shahrida yashovchi, 1988 y.t. tadbirkor R.B.ga tegishli ekani ma’lum bo‘lib, u ham ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur chegara-bojxona posti xodimi X.J. o‘zining boshlig‘i A.S.ning ko‘rsatmasiga asosan ushbu tovar qimmatliklarni belgilangan tartibga zid ravishda bojxona nazoratidan o‘tkazib yuborgan.

DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi A.S. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ochgan.

Mavzuga oid