Jamiyat | 15:14 / 08.07.2022
10071
3 daqiqa o‘qiladi

Yilning birinchi yarmida «Tez yordam» xizmatiga 6,2 milliondan oshiq chaqiriq kelib tushgan - SSV

Eng ko‘p murojaat Farg‘ona, Andijon, Toshkent viloyati va Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

SSV yilning 2022 yilning olti oyida tez yordam xizmatiga qancha chaqiriq kelib tushgani bo‘yicha ma’lumot berdi.

«Kutilmaganda sodir bo‘ladigan har qanday ko‘ngilsiz hodisa inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi turgan gap. Tabiiyki, bunday holatda eng birinchi bo‘lib «Tez yordam» xodimlari bemor uchun ko‘makka oshiqadi.

Qayd etish lozim, bugun yurtimizda shakllangan tez tibbiy yordam xizmati yurtdoshlarimiz hayoti va salomatligini asrashda muhim o‘rin tutmoqda. Ayniqsa, bu jihat koronavirus pandemiyasi davrida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. 

Buni esa 2022 yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida «103» xizmatiga kelib tushgan chaqiriqlar sonidan ham bilish mumkin.

Raqamlarni tahlil qilsak, 2022 yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatimiz bo‘yicha «Tez yordam»ga jami 6 million 245 ming 280 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan 570 ming 817 nafar bemor shifoxonalarga gospitalizatsiya qilindi», deyiladi vazirlik xabarida.

Eng ko‘p murojaat Farg‘ona (719 341 ta), Andijon (666 206 ta), Toshkent viloyati (623 095 ta) va Toshkent shahri (622 578 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning yanvar-iyun oylarida o‘zbekistonliklardan tez tibbiy yordam xizmatiga jami 5 million 811 ming 380 ta chaqiriq kelib tushgandi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda koronavirus infeksiyasining oldini olish, uning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, xususan, chaqiriqlarni tezkor qabul qilish va bemorlarga sifatli tez yordam ko‘rsatish maqsadida «103» xizmati brigadalari aholiga tun-u kun xizmat qilmoqda.

«Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida «Tez yordam»ga koronavirusga chalingan va kasallikka gumon qilingan bemorlar bo‘yicha 11 ming 157 ta chaqiriq kelib tushdi.

So‘nggi haftalarda yurtimizda kasallanish holatlari va «103» xizmatiga murojaatlar soni ortishi kuzatilmoqda. Shu bois ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab ixchamlashtirilgan tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etilyapti. Bu esa chaqiruv manzillariga o‘z vaqtida yetib borish va kechikishlarning oldini olishga xizmat qiladi», — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy  markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari  Davlatbek Yuldashev.

Mavzuga oid