Jahon | 10:39 / 10.07.2022
39790
8 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lankada misli ko‘rilmagan namoyishlar, prezident qarorgohiga bostirib kirildi. Asosiy ma’lumotlar

Shri-Lanka prezidenti Gotabaya Radjapaksa 13 iyul kuni iste’foga chiqishini ma’lum qildi. U iqtisodiy inqiroz tufayli yuzaga kelgan va 9 iyul kuni butun mamlakatni qamrab olgan namoyishlar tufayli shunday qadam tashlashga majbur bo‘ldi.

Dinuka Liyanawatte / Reuters / Scanpix / LETA

Prezidentning lavozimini tark etish niyati haqida parlament spikeri Mohinda Yapa Abeyvardena ma’lum qilgan. Bundan oldinroq bosh vazir Ranil Vikremesinghe ham iste’fo haqida ma’lum qilgandi. Uning bayonotidan bir necha soat o‘tib namoyishchilar uning xususiy uyiga o‘t qo‘yishgan.

9 iyul kuni kunduzi esa Shri-Lanka poytaxti Kolombo shahrida namoyishchilar politsiyachilar to‘sig‘ini yorib o‘tib, mamlakat prezidenti qarorgohiga bostirib kirishgandi.

Sabr kosasi to‘ldi

Shri-Lankada eng jiddiy iqtisodiy inqiroz kuzatilmoqda, namoyishlar mart oyidan buyon tinmayapti, ammo norozilik shanba kuni avjiga chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda prezident qarorgohidagi xonalar odamlar bilan to‘lib-toshgani, yana yuzlab namoyishchilar - maysazorda o‘tirgani, ayrimlar hovlidagi hovuzda sho‘xlik qilayotganini ko‘rish mumkin.

Prezident Gotabaya Radjapaksa juma kuniyoq qarorgohni tark etgan, ayrim xabarlarga ko‘ra, Kolombodan uchib ketishga uringan.

9 iyul kungi ommaviy namoyishlar - joriy yilda og‘ir iqtisodiy inqiroz holatiga tushib qolgan ushbu orol davlatda ro‘y bergan eng yirik namoyishlardan biri bo‘ldi. 22 million kishi istiqomat qiladigan Shri-Lankada inflatsiyaning yuqori sur’atlari kuzatilmoqda, yonilg‘i, oziq-ovqat va dori-darmonlarning o‘tkir yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

Mamlakat bosh vaziri Ranil Vikremesinghe o‘z partiyasi yetakchilarining shoshilinch yig‘ilishini chaqirgan va parlament spikeriga zudlik bilan yig‘ilish o‘tkazishni buyurgan.

Bir necha oylik namoyishlardan keyin - norozilik to‘lqini cho‘qqisiga chiqdi

Inqiroz davrida mamlakatning yomon boshqaruviga qarshi bir necha oylik noroziliklardan keyin aholi qat’iy harakatga o‘tdi.

Butun mamlakatdan minglab kishilar Radjapaksaning iste’fosini talab qilib boshlangan marshga qo‘shildi. Mahalliy amaldorlar «Frans press» agentligiga aytishicha, ko‘plab kishilar avtomobillarda, furgonlar va hatto  namoyishchilar tomonidan «egallab olingan» poyezdlarda poytaxtga yetib kelishgan.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun vodomyotlar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan.

Politsiya namoyishchilarga ko‘zdan yosh sizdiruvchi granatalarni otmoqda
Dinuka Liyanawatte / Reuters / Scanpix / LETA
Politsiyaga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazli granata otayotgan rohib
Amitha Thennakoon / AP / Scanpix / LETA
Kolombodagi namoyishchilar ko‘zdan yosh sizdiruvchi granatalarni politsiyachilarning o‘ziga qaytarib otmoqda
Dinuka Liyanawatte / Reuters / Scanpix / LETA

Shifokorlarning ma’lum qilishicha, 33 kishi, jumladan politsiyachilar Kolombodagi Shri-Lanka Milliy shifoxonasiga yotqizilgan.

Politsiyachilardan qochayotgan namoyishchilar. Foto: Dinuka Liyanawatte / Reuters / Scanpix / LETA

Namoyishchilar Kolomboning hukumat binolari joylashgan tumanini to‘ldirishgan va politsiyachilarning bir necha halqasini yorib o‘tib, prezident qarorgohiga yetib kelishgan.

Politsiyachilar qarorgoh atrofidagi g‘azablangan olomonni tarqatish uchun havoga o‘q uzishgan, ammo odamlarning bir qismi baribir qarorgohga kirishgan.

Namoyishchilar prezident ofisi binosiga bostirib kirmoqda
Chamila Karunarathe / EPA / Scanpix / LETA
Namoyishchilar tomonidan egallab olingan prezident qarorgohining ichki ko‘rinishi
Chamila Karunarathe / EPA / Scanpix / LETA

Namoyishchilar feysbuk orqali qarorgoh ichkarisida sodir bo‘lgan voqealarni translatsiya qilishgan. Kadrlarda yuzlab odamlar xonalar va yo‘laklarda to‘plangani va prezident Radjapaksaning ketishi talab qilingan shiorlarni aytayotganini ko‘rish mumkin.

Dinuka Liyanawatte / Reuters / Scanpix / LETA

Yana yuzlab kishilar mustamlakachilik davriga mansub bo‘lgan qarorgoh atrofidagi maysazor va yo‘laklarda yig‘ilgan.

Hukumat juma kuni komendantlik soati e’lon qilib, shanba kungi namoyishlarning oldini olishga uringandi, ammo inson huquqlarini himoya qilish guruhlari va muxolifatchi partiyalarning qarshiligi tufayli cheklovlar bekor qilindi.

Benzin yo‘q, suv yo‘q, dori-darmon yo‘q

Shri-Lanka 1948 yildan buyon eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda, o‘shanda mamlakat Buyuk Britaniya mustamlakasidan chiqqanida ham vaziyat og‘ir bo‘lgandi. Ayni vaqtda mamlakatda yonilg‘i, oziq-ovqat va dori-darmon taqchilligi yuzaga kelgan.

Shri-Lanka anchadan buyon «qulog‘igacha qarzga botgan», hozirda mamlakat tashqi qarzi 50 mlrd dollardan oshadi.

O‘tgan oyda mamlakatda inflatsiya darajasi 50 foizdan oshdi.

O‘tgan haftada rasmiylar mamlakatda muhim funksiyalarni bajaruvchilardan tashqari barcha uchun yonilg‘i sotishni taqiqladi. Faqat avtobus va poyezdlar, shuningdek favqulodda xizmatlar avtomobillari uchun benzin beriladi.

Rikshalarning benzin uchun navbati. 2022 yil 7 iyul. Foto: AFP / Scanpix / LETA

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Shri-Lanka «umidsiz gumanitar inqiroz»ni boshdan kechirmoqda. Maktablar yopilgan, saratonga chalinganlarni davolash, shuningdek boshqa muntazam muolajalar to‘xtatilgan, ko‘plab oilalar esa kuniga bir marta ovqatlanish uchun zo‘rg‘a imkon topmoqda.

Mamlakatda eng zarur mahsulotlar, jumladan benzin, dizel yonilg‘isi, oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlarining o‘tkir tanqisligi kuzatilmoqda. Hukumat ularni xorijdan sotib ololmaydi, chunki valuta tugagan. Hukumatning samarasiz davlat siyosati yuritishi hamda koronavirus pandemiyasi ta’sirida mamlakatning turizmdan ko‘radigan daromadlari keskin qisqarib ketishi oqibatida Shri-Lankaning valuta zaxiralari deyarli nolga tenglashgan.

O‘tgan haftada prezident Gotabaya Radjapaksa Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, qarz evaziga Rossiyadan yonilg‘i importini yo‘lga qo‘yish va mamlakatga «Aeroflot» reyslarini tiklashni so‘radi. May oyi oxirida Shri-Lanka Rossiyadan 90 tonna neft kelgandi, buning uchun to‘lov yaqin haftalarda amalga oshirilishi va’da qilingandi.

Qarzga qaramlik va hukmron suloladan norozilik

May oyida Shri-Lanka suveren obligatsiyalar bo‘yicha 78 mln dollarlik foizlarni o‘z vaqtida to‘lay olmasdan, o‘z tarixida ilk bor davlat qarzi bo‘yicha defolt e’lon qildi.

Mamlakat rismiylari mavjud og‘ir vaziyatdan chiqish uchun jami 5 mlrd dollar qiymatidagi kredit ajratilishi maqsadida Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi kabi xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Ammo hozircha kelishuvga erishilmagan.

Namoyishchilar inqirozda hukmron sulolani ayblashadi. Mohinda Radjapaksa (chapda) may oyida bosh vazirlikdan ketgandi
Foto: Dinuka Liyanawatte / Reuters / Scanpix / LETA

Jahon banki bayonotida «mamlakatda adekvat mikroiqtisodiy siyosat asoslari tuzilmaguncha, bank Shri-Lankaga yangi moliyaviy yordam ko‘rsatishni rejalashtirmayapti». Shu bilan birga, tashkilot Shri-Lanka hukumatiga zarur tibbiy vositalarni yetkazib berish, juda nochor ahvolda qolgan oilalarga yordam ko‘rsatish, maktablardagi tushliklar uchun to‘lovlar qilish, fermerlar va kichik biznesga yordam berish bo‘yicha loyihalarni ham olib bormoqda.

Shri-Lanka aholisi va iqtisodchi ekspertlar yuzaga kelgan inqirozda mamlakat rahbariyatini davlatni noto‘g‘ri boshqargani uchun ayblamoqda.

May oyidagi namoyishlardan keyin prezidentning katta akasi, bosh vazir Mohinda Radjapaksa hamda oilaning hukumatda yuqori lavozimlarni egallagan boshqa bir necha a’zolari lavozimlarini tark etishga majbur bo‘lgandi.

Hukmron Radjapaksalar sulolasi mamlakatni 2000-yillar o‘rtalaridan buyon boshqarib keladi. Ko‘p yillar davomida huquq himoyachilari ushbu oila vakillarini korrupsiyaga yo‘l qo‘yish, o‘z mansablarini suiiste’mol qilish, nepotizm va o‘zgacha fikrlovchilar hamda jurnalistlarni ta’qib qilishda ayblab keladi, ammo ular saylovlarda g‘alaba qozonishda davom etishardi, chunki saylovchilar ularni kuchli yetakchilar deb bilishgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid